Bu yilgi chempionat boshqacha formatda oʻtkaziladi
Ayollar futboli. Jamoalar birinchi bosqichni markazlashgan tartibda oʻtkazadi, ikkinchi va uchinchi bosqichlar esa uy-safar tizimida davom etadi.
Jamoalar birinchi bosqichni markazlashgan tartibda oʻtkazadi, ikkinchi va uchinchi bosqichlar esa uy-safar tizimida davom etadi.
Mamlakatimizda ayollar futboliga asos solinib, rasmiy chempionatlar oʻtkazila boshlangandan buyon unga boʻlgan munosabatlar turli yillarda turlicha boʻlgan. Aytaylik, 1996 yildan 2012 yilgacha oliy liga vakillari ham, birinchi liga jamoalari ham markazlashgan holda musobaqalashgan – barcha jamoalar bitta shaharga yigʻilgan, toʻrt-besh kun oʻzaro kuch sinashgan, maʼlum muddat oʻtib navbatdagi turda yana bir shaharga toʻplanishgan.
2012 yilning 18 dekabrida yurtimizda ayollar futbolini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining majlis bayoni qabul qilingach, ayollar futboliga eʼtibor oshdi. Buning isboti sifatida katta futbolning oliy liga klublari qoshida ayollar futbol jamoalari ham faoliyat yuritishi belgilanganligini, chempionat uy va safar tizimida oʻtkazila boshlanganligini aytish mumkin.
2017 yilning sentyabrida Oʻzbekiston futbol federatsiyasida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Yangicha – Assotsiatsiya nomi ostida ishga kirishgan yangi tarkibdagi Futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi hamkorlikda qisqa davr oraligʻida ulkan islohotlarga qoʻl urdi. Birinchi navbatda chempionatda raqobatbardosh klublar saviyasini oshirish maqsadida musobaqa formatini oʻzgartirdi. OʻzPFLning klublar zimmasiga qoʻygan muhim talablaridan biri klub qoshida ayollar va futzal jamoalariga ega boʻlishlik, ularning rasmiy musobaqalarda yagona maqsad yoʻlida kurashishini taʼminlash edi.
Islohatlar zamirida oʻrtamiyona, zerikarli oʻyinlar soni kamaydi. Stadionga muxlislarning tashrifi ortdi, oʻyingohga keluvchilar uchun yaxshigina sharoitlar yaratildi. Shular qatorida ayollar futboli va futzal musobaqalari ham qay tarzda koʻngildagidek tashkil etilganligiga qaramay ayrim murabbiylar va klub rahbarlari tomonidan ayniqsa, ayollar futboliga eʼtirozlar boʻlib turdi. Mavsum oxirlariga kelib esa turli mish-mishlar rosa urchiladi, goʻyoki kelasi mavsumda ayollar futboli Superliga klublari ixtiyoridan chiqarilarmish, eʼtibor kamayarmish, hattoki ayollar futboli umuman boʻlmas emish...
Aksincha, 2019 yilgi mavsumda ayollar futboliga eʼtibor har yilgidanda, har davrdagidan-da oshdi. Birinchidan, ayollar futboli OʻzPFLning 2019 yil boʻyicha Reglamentida katta futbol bilan bab-baravar koʻrinishda boʻlmoqda. Avvallari Reglamentda ayollar futboliga alohida bob sifatida, kichkinagina joy ajratilgan boʻlsa, yangisida erkaklar futboli boʻyicha barcha qonun-qoidalar ayollar futboliga ham joriy etilyapti. Yangi mavsumda katta futbol formatida biroz oʻzgartirish qilingan boʻlsa, ayollar futboli formatida ham chempionat tartibiga biroz oʻzgartirish kiritilmoqda.
OʻzPFL binosida ayollar futboli boʻyicha Super va Pro liga jamoalari bosh murabbiylari, shu soxa mutaxassislari oʻrtasida tashkil etilgan yigʻilishda yangi mavsum formati, futbolchilarning yoshga doir va boshqa masalalar muhokama etildi, yakuniy qaror qabul qilindi.
OLIY LIGA
Ayollar futboli boʻyicha oʻtgan mavsum oliy ligasida toʻp surgan 14 jamoa – “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” (barchasi Toshkentdan), AGMK (Olmaliq), “Metallurg” (Bekobod), “Andijanka” (Andijon), “Navbahor” (Namangan), “Neftchi” (Fargʻona), “Qoʻqon-1912” (Qoʻqon), “Sevinch” (Qarshi), “Soʻgʻdiyona” (Jizzax), “Qizilqum” (Navoiy), “Shoʻrtan” (Gʻuzor) va “Buxoro” (Buxoro) qatoriga oʻtgan yil birinchi ligada faxrli birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egallagan “Dinamo” (Samarqand) hamda “TerDU-Surxon” (Termiz) jamoalari qoʻshilgan holda oʻn oltita jamoa mintaqaviy toʻrt guruhga boʻlingan holda birinchi bosqich uchrashuvlarini oʻtkazishadi. Bunda barcha jamoalar markazlashgan tizimda oʻzaro ikki davrada bahs olib boradi.
Qurʼaga koʻra tartib raqamiga ega boʻlgan ikki jamoa mezbonlikni amalga oshirishadi.
Ikkinchi bosqichda birinchi bosqichdagi birinchi va ikkinchi guruh vakillari Sharqiy mintaqa sifatida bir-birlari bilan kuch sinashadi. Xuddi shuningdek, uchinchi va toʻrtinchi guruh vakillari Gʻarbiy mintaqani tashkil etishadi. Oʻyinlar uy-safar tizimida davom ettiriladi, ochkolar ham bir-biriga qoʻshiladi.
Mintaqalarda dastlabki toʻrt oʻrinni band etgan jamoalar uchinchi bosqichda gʻolib va sovrinli oʻrinlar uchun hal qiluvchi bahslarga kirishadi. Yaʼni, birinchi va sakkizinchi oʻrinlar uchun kurash davom etadi. Oʻyinlar uy-safar tizimi koʻrinishida boʻladi. Mintaqalarda beshinchi va sakkizinchi oʻrinlarni band etganlar esa markazlashgan tizimda 9 va 16-oʻrinlar uchun maydonga tushishadi. Ikki davrada tashkil etiladigan bahslardan soʻng ligani tark etuvchi ikki jamoa nomi maʼlum boʻladi.
Birinchi va ikkinchi bosqichda toʻplangan ochkolar uchinchi bosqichga kelib oʻz kuchini yoʻqotadi.
BIRINCHI LIGA
Joriy yilda har doimgidek ayollar oʻrtasida birinchi liga musobaqasi ham davom ettiriladi. Bunda Pro-liganing “A” va “V” guruhlari qoshida faoliyat yurituvchi ayollar jamoalari toʻp surishadi. Bular - “Mashʼal” (Muborak), “Nurafshon” (Toshkent viloyati), “Istiqlol” (Fargʻona), “Xorazm” (Urganch), “Orol” (Nukus), “Sherdor” (Samarqand), “Sevinch-2” (Qarshi) va AGMK-2 (Olmaliq) jamoalaridir. Oʻyinlar markazlashgan holda, toʻrt turdan iborat boʻladi. Birinchilikning birinchi va ikkinchi oʻrin egalari oliy ligaga yoʻllanma oladi.
OʻZBЕKISTON KUBOGI
Bunda oliy va birinchi liganing barcha vakillari ishtirok etadi. Oʻtgan mavsum yakuniga koʻra sovrinli oʻrinlarni egallagan uch jamoa – “Bunyodkor” (Toshkent, chempion), “Sevinch” (Qarshi, Kubok va kumush medal sohibi), “Metallurg” (Bekobod, bronza medal egasi) hamda chempionatda toʻrtinchi oʻrin bilan kifoyalangan “Shoʻrtan” (Gʻuzor) chorak finaldan bahslarga qoʻshilishadi. Oʻyinlar bitta uchrashuvdan iborat boʻladi, mezbonlik qurʼa yoʻli bilan aniqlanadi.
FUTZAL
Jamoalar mavsum oxirida, katta futbolni tamomlagandan soʻng eʼtiborlarini futzal musobaqasiga qaratishi maqsadga muvofiq koʻrilmoqda. Demak, chempionat va Kubok oʻyinlari nihoyasiga yetgan oktyabr oyidan soʻng noyabr oyidanoq futzal boʻyicha mamlakat chempionati va kubogi oʻyinlariga navbat beriladi. Bunda ham katta futbolning barcha vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda.