Britaniya jurnalida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi
Britaniyaning "Food and Travel" jurnali oktabr sonida O‘zbekistonga oid “Ipak yo‘li ishtiyoqi” sarlavhali 12 betli maqola nashr etildi.
Materialda mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosi, milliy oshxonasi, diqqatga sazovor maskanlari va sayyohlik imkoniyatlari haqida ma’lumot beriladi.
Maqolaning asosiy qismi Samarqand va Toshkent shaharlariga bag‘ishlanadi. Mualliflar Registon maydoni, Shohi-Zinda maqbarasi va boshqa tarixiy maskanlar haqida hikoya qiladi.
Mamlakatimizning gastronomik infratuzilmasi, jumladan, restoranlar, bozorlar va novvoyxonalarga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yurtimizning turli viloyatlaridan yig‘ilgan 125 ga yaqin uzum navi yetishtirilayotgan “Uzum Fermer” oilaviy uzum fermasi haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Maqolada shuningdek, gastronomik turizmning rivojlanishi va an’anaviy taom tayyorlash usullarining zamonaviy kulinariya yondashuvlari bilan uyg‘unlashtirilishi alohida qayd etiladi. Yurtimiz bo‘ylab sayohat yo‘nalishlari, sayyohlarni joylashtirish, gastronomik yo‘llar va Londondan Toshkentgacha bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar xususida axborot taqdim etiladi.
Aziza Alimova, O‘zA