Britaniya global xavfsizlik uchun 30 davlatni sammitga chorlamoqda
Yaqin Sharqda yuzaga kelgan keskin vaziyat tufayli strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi yopilib qoldi. Ushbu yo‘lakni qayta ochish va hududda xavfsizlikni o‘rnatish maqsadida Buyuk Britaniya xalqaro tashabbus bilan chiqdi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, Qirollik hukumati qariyb 30 davlat ishtirokida virtual sammit o‘tkazmoqchi.
Anjumanda asosiy e’tibor bo‘g‘oz orqali savdo kemalari xavfsiz harakatini ta’minlash uchun diplomatik va siyosiy yechim topishga qaratiladi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper raislik qiladigan sammitda Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va Avstraliya ishtirok etishi kutilyapti. Donald Tramp boshchiligidagi AQSH muloqotda qatnashmasligi ehtimoli yuqori.
Mintaqadagi keskinlik Eronning AQSH va Isroil harakatiga javoban savdo kemalariga hujum qilishi ortidan kuchaydi. Bu holat jahon bozorida energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, "Brent" rusumli neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshib ketdi. Shuningdek, dunyo neft va gaz zaxirasining qariyb 20 foizi o‘tadigan ushbu muhim yo‘lak xavf ostida qoldi.
Tramp boshqa davlatlarni qat’iyat ko‘rsatishga chaqirib, har bir mamlakat o‘z energiya xavfsizligi uchun mustaqil chora ko‘rishi kerakligini ta’kidladi. Bosh vazir Kir Starmer esa vaziyatni yumshatish uchun barcha diplomatik vositalar ishga solinayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, harbiy harakat to‘xtagach, Hurmuz bo‘g‘ozini doimiy ravishda ochiq va xavfsiz saqlash Britaniya uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Umuman, mazkur sammit jahon iqtisodiyoti uchun hayotiy ahamiyatga ega suv yo‘lini tiklash va ehtimoliy energiya inqirozining oldini olish yo‘lida muhim qadam o‘laroq baholanyapti.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA