Britaniya 2024 yildan boshlab Rossiyadan olmos olmaydi
Buyuk Britaniya 2024 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya Federatsiyasidan olmos importini taqiqladi, deya ma’lum qildi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi.
– Britaniya hukumati Rossiyadan olmos olib kirishni cheklash, metall sanoatida yordamchi xizmat ko‘rsatishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqdi, – deyiladi xabarda.
Hujjatga asosan, London RFga harbiy yoki sanoat maqsadida avtomobil ehtiyot qismlari va elektron mahsulotlar eksportini ham to‘xtatadi.
Umuman, Ukrainada maxsus harbiy amaliyot boshlangandan buyon Buyuk Britaniya Rossiyaning 1800 jismoniy va yuridik shaxsini, jumladan, bank sektorining 90 foiziga egalik qiluvchi 29 bankni “qora” ro‘yxatga kiritgan.
Britaniya OAV yozishicha, sanksiya natijasida qirollikka Rossiya mahsulotlari importi 2021 yilga nisbatan 94 foiz, Britaniyaning RFga eksporti esa 74 foiz kamaygan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA