BRIKSning yangi qiyofasi: kengayish, hamkorlik va imkoniyatlar
Bugun jahon siyosiy va iqtisodiy maydonida jiddiy o‘zgarishlar kechmoqda. Global iqtisodiyotda yangi markazlar shakllanib, xalqaro munosabatlarda davlatlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikka bo‘lgan ehtiyoji tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, Global Janub mamlakatlarining xalqaro kun tartibidagi roli kuchayib, ularning iqtisodiy va siyosiy jarayonlardagi ta’siri sezilarli darajada oshib bormoqda.
Ana shunday sharoitda BRIKSning o‘rni va ahamiyatiga qiziqish tobora kuchaymoqda.
12-13-sentabr kunlari Hindiston poytaxti Yangi Dehli shahrida BRIKSning XVIII sammiti bo‘lib o‘tadi. Xitoy Raisi Si Szinpin ham Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan mazkur sammitda ishtirok etadi.
Bu yilgi tadbir BRIKS tarixidagi muhim bosqichga to‘g‘ri kelmoqda. Zero, 2026-yil tashkilot shakllanganiga 20 yil to‘lganini anglatadi. Shu davr mobaynida dastlab Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoyni birlashtirgan “BRIK” mexanizmi kengayib, Janubiy Afrikaning qo‘shilishi bilan BRIKSga aylandi. Keyingi yillarda esa uning tarkibi yanada kengaydi.
Bugun BRIKS 11 ta davlatni – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Indoneziyani birlashtirgan ko‘p tomonlama hamkorlik maydonidir. Bundan tashqari, Belarus, Boliviya, Kuba, Qozog‘iston, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Uganda, O‘zbekiston va Vetnam BRIKS hamkor davlatlari maqomiga ega.
Shu o‘rinda BRIKSning kengayishini faqat yangi davlatlarning qo‘shilishi sifatida baholash kamlik qiladi. Bu jarayon xalqaro munosabatlarda iqtisodiy salohiyati va aholisi salmog‘i yuqori bo‘lgan davlatlarning global jarayonlardagi ishtiroki kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar instituti direktor o‘rinbosari Lou Chunxao ta’kidlaganidek, BRIKS mamlakatlari dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab olgani uning xalqaro maydondagi vakillik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ekspertning fikricha, tashkilotning kengayishi va rivojlanishi umumiy manfaatlar, tinchlik va taraqqiyotga bo‘lgan intilish, shuningdek, Global Janub mamlakatlarining jamoaviy yuksalishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonning tabiiy ifodasidir.
Hindistonning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, BRIKS davlatlari jahon aholisining qariyb yarmini, jahon iqtisodiyotining xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois bugun BRIKS haqida so‘z borganda, uning ta’sirini faqat savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki xalqaro iqtisodiy boshqaruv, texnologiyalar, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror taraqqiyot kabi yo‘nalishlardagi salohiyati bilan ham baholash zarur.
Xitoy Raisi Si Szinpin BRIKSning imkoniyatlarini ta’riflar ekan, uning “ulkan resurslar”, “ulkan ishlab chiqarish bazasi” va “ulkan bozor” kabi uch muhim jihatiga e’tibor qaratgan edi. Darhaqiqat, bugungi BRIKS miqyosida mazkur uch omil bir-birini to‘ldirib, tashkilotning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirmoqda.
Biroq BRIKSni faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar birlashmasi sifatida qabul qilish ham to‘g‘ri emas. U siyosiy va diplomatik muloqot, iqtisodiy-moliyaviy hamkorlik, shuningdek, gumanitar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan keng maydon sifatida shakllanmoqda.

Uning yana bir muhim jihati ochiqlik va inklyuzivlikka intilishidir. BRIKSda turli siyosiy tizim va iqtisodiy modellarga ega davlatlar ishtirok etadi. Ular o‘rtasida qarashlar va milliy manfaatlar turlicha bo‘lishi tabiiy. Shunga qaramay, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun umumiy nuqtalarni topish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xalqaro muloqotni rivojlantirishga intilish mazkur mexanizmning asosiy xususiyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning BRIKS bilan hamkorligi ham ana shu nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz 2025-yildan BRIKS hamkor davlatlaridan biri sifatida ushbu ko‘p tomonlama formatda ishtirok etmoqda. Bu O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosat tamoyillariga hamohangdir.
Ayniqsa, BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega. 2025-yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashib, ushbu moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Demak, O‘zbekiston uchun BRIKS doirasidagi hamkorlik, avvalo, yangi investitsiya manbalarini jalb etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, savdo-iqtisodiy aloqalar geografiyasini kengaytirish va global Janub mamlakatlari bilan amaliy sheriklikni kuchaytirish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
Bu jarayonda Xitoy bilan munosabatlar alohida o‘rin tutadi. Xitoy BRIKSning asoschi davlatlaridan biri bo‘lib, uning rivojlanishida faol ishtirok etib kelmoqda. O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari esa bugun strategik sheriklikning keng qamrovli yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama aloqalar bilan cheklanib qolmayapti. O‘zbekiston va Xitoy xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama formatlarda ham o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda.
Joriy yil avgust oyi oxirida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi muzokaralarda ham ikki mamlakatning BRIKS doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlashi va Global Janub davlatlari bilan hamkorlik masalalari alohida qayd etildi. Tomonlar BMT, SHHT va BRIKS kabi ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Bu esa O‘zbekistonning BRIKS bilan aloqalarini yana bir muhim nuqtai nazardan ko‘rsatadi. Ya’ni mamlakatimiz mazkur formatda biror davlatning manfaatini emas, balki milliy taraqqiyot maqsadlariga mos keladigan ko‘p tomonlama va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini izlamoqda.
Bugun xalqaro maydonda iqtisodiy barqarorlik, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, transport-logistika aloqalari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar kabi yo‘nalishlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois BRIKSning ham kun tartibi asta-sekin faqat savdo va moliya masalalari bilan cheklanmay, kengroq strategik masalalarni qamrab olmoqda.
Hindistonning 2026-yilgi raisligi ham aynan barqarorlik, innovatsiyalar, hamkorlik va barqaror taraqqiyotga urg‘u bermoqda. Mamlakat raisligi doirasida siyosiy va xavfsizlik, iqtisodiy-moliyaviy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha 350 dan ortiq tadbir o‘tkazilgani ma’lum qilingan.
Eng muhimi, BRIKSning kengayishi jahon siyosiy-iqtisodiy tizimida yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi mas’uliyatlarni ham yuzaga keltirmoqda. Turli manfaatlarga ega davlatlarni bir maydonda birlashtirishning o‘zi yetarli emas. Bu davlatlar o‘rtasida aniq iqtisodiy loyihalar, investitsiyaviy tashabbuslar, texnologik hamkorlik va o‘zaro manfaatli muloqotni kuchaytirish muhim.

Shu ma’noda, 12-13-sentabr kunlari Yangi Dehlida o‘tadigan XVIII BRIKS sammiti tashkilotning yangi bosqichdagi ustuvor vazifalarini belgilash nuqtai nazaridan muhim voqea bo‘ladi. O‘zbekistonning hamkor davlat sifatidagi ishtiroki esa mamlakatimiz uchun ushbu keng xalqaro maydondagi iqtisodiy va diplomatik imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
BRIKSning 20 yillik taraqqiyot yo‘li bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: jahon iqtisodiyotida yangi kuch markazlari shakllanmoqda. Ularning ta’siri esa nafaqat iqtisodiy salohiyati, balki o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olishi, ochiq muloqotga tayyorligi va global taraqqiyot jarayonlariga qo‘shayotgan hissasi bilan belgilanadi.
O‘zbekiston uchun eng muhimi ana shu o‘zgarishlar jarayonida o‘z milliy manfaatlariga mos yangi imkoniyatlarni ilg‘ab, ularni mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan amaliy hamkorlikka aylantirishdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA