Bozorlardagi mahsulotlar sifati qat’iy nazoratda
Sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimizda yangi — 2026 yil kirib keladi. Yangi yil bayrami arafasida esa aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi an’anaviy ravishda ortib boradi.
Ana shunday paytda aholi salomatligini muhofaza qilish, iste’molchilarni sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab, jumladan, Sirdaryo viloyatida ham bozorlar va savdo shoxobchalarida keng ko‘lamli nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Xususan, qo‘mitaga qarashli Xovos tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan Xovos dehqon bozori hamda qator savdo nuqtalarda sanitariya-epidemiologik o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Nazorat jarayonida sotuvga qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlash sharoiti, shuningdek, sanitariya-gigiyenik talablarga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganishlar davomida sotuvchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, kelib chiqishi noma’lum, sifati kafolatlanmagan hamda sanitariya talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni savdoga chiqarmaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

– Bayram arafasida nazorat tadbirlarini kuchaytirish aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Xovos tuman bo‘limi boshlig‘i G‘oyibnazar Rayimnazarov. – Ayni paytda bozorlarda mahsulot aylanmasi keskin ortib bormoqda. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlash sharoiti va sanitariya-gigiyenik talablarga rioya etilishi qat’iy nazoratga olingan. Sifati kafolatlanmagan mahsulotlar inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganishlar davomida sovuq urib iste’molga yaroqsiz holga kelgan, shuningdek, sifati buzilgan ayrim mahsulotlar savdodan olib tashlangan. Bu esa nazorat tadbirlarining tizimli va samarali tashkil etilganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mahsulot sifati nafaqat aholi salomatligini muhofaza qilish, balki bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va iste’molchilar ishonchini mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan sotuvchilarga ish joylarida sanitariya-gigiyenik talablarga qat’iy rioya qilish, mahsulotlarni belgilangan me’yorlar asosida saqlash va realizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, aholi Yangi yil bayrami arafasida mahsulot xarid qilishda uning narxiga emas, avvalo sifati va xavfsizligiga e’tibor qaratishga chaqirilmoqda. Zero, har bir xarid inson salomatligi uchun mas’uliyat ekani alohida qayd etilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri