Bozor barqarorligi uchun xalqaro tajriba nega muhim?
Toshkent shahrida Raqobat qo‘mitasi, AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasi hamkorligida “Tovar bozorlarini tartibga solish va fyuchers savdosi” mavzusida ikki kunlik xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda oddiy iste’molchilar uchun ham muhim bo‘lgan masalalar — bozorda narxlarning shakllanishi, birja savdolarining qanday ishlashi, hisob-kitob tizimlari, xavflarni boshqarish va shaffoflikni ta’minlash kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, tovar bozorlari qanchalik shaffof va adolatli bo‘lsa, narx-navo barqarorligiga, tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar va aholi manfaatlarining himoya qilinishiga shunchalik xizmat qiladi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlar bozorni nazorat qilish, investor va iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi. Bu esa O‘zbekistonda birja tizimini yanada takomillashtirish va zamonaviy savdo mexanizmlarini joriy etishga zamin yaratadi.
Bu seminar faqat mutaxassislar uchun emas, balki bozordagi shaffoflik, adolatli raqobat va narxlar barqarorligidan manfaatdor bo‘lgan har bir fuqaro uchun ahamiyatli muloqot maydoni bo‘ldi.
N.Rahmonova,
O‘zA