Boysunlik yoshlar yo‘l bo‘yini chiqindilardan tozaladi
Boysun tumani yoshlar ishlari bo‘limi xodimlari va yoshlar yetakchilari Surxondaryo viloyatining tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi M-39 hamda 4R-105 “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yo‘llari bo‘ylab “Yo‘limiz tozaligi uchun" shiori ostida chiqindi yig‘ish marafoni tashkil etdi.
Tozalik, ozodalik marafoni chog‘ida yoshlar 35 kilometr masofadagi yo‘l bo‘yini turli chiqindilardan tozalab, obodonlashtirdi. Yoshlikdan o‘zlarida ekologik madaniyat shakllangani va atrof-muhitga befarq emasliklarini namoyon etdi.

Aslida atrof-muhitning ifloslanishi oddiy e’tiborsizlik va chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabi holatlardan boshlanadi. Boysunlik yoshlarning ana shu masalaga e’tibor qaratgani aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirib, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish va ularning atrof-muhit musaffoligini asrashga mas’ullik tuyg‘usini oshirishga xizmat qildi.

Serqatnov yo‘l bo‘ylari yo‘lovchilarning bahridilini ochadigan ozoda, saranjom-sarishta hududga aylandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri