“Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkilotiga press-tur
“Rossiya segodnya” axborot agentligi tashabbusi bilan Moskva shahrida afgʻon mojarosini hal etishga bagʻishlab oʻtkazilayotgan press-tur doirasida ishtirokchilar Butunrossiya jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti va shu nomdagi muzeyda boʻlib, ular faoliyati bilan tanishdi.
Moskva, 6 fevral.
OʻzA maxsus muxbiri Ulugʻbek Shonazarov xabar qiladi.
“Rossiya segodnya” axborot agentligi tashabbusi bilan Moskva shahrida afgʻon mojarosini hal etishga bagʻishlab oʻtkazilayotgan press-tur doirasida ishtirokchilar Butunrossiya jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti va shu nomdagi muzeyda boʻlib, ular faoliyati bilan tanishdi.

Kuni kecha mamlakatimizda ham Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan tantanali tadbirlar boʻlib oʻtgan edi. Shu jihatdan, press-tur doirasidagi tadbirlar ichida “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkilotidagi uchrashuv biz uchun alohida ahamiyatga ega boʻldi.
“Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti Moskva viloyatining Ximki shahrida, biz joylashgan mehmonxonadan 23 kilometr masofada joylashgan. Ertalab manzil tomon yoʻlga chiqdik.

Moskva shahri aholisi soni 12 yarim million kishidan ziyod. Albatta, bunday aholiga ega shaharlarda tirbandliklar boʻlishi tabiiy hol. Qolaversa, Moskvaga har kuni millionlab mehmon tashrif buyuradi. Shuningdek, mehnat faoliyatini olib boradigan 1,5 milliondan ziyod Moskva viloyati aholisi ham shaharga har kuni qatnab ishlaydi. Bu esa poytaxt koʻchalarida kunning istalgan vaqtida tirbandlikka olib keladi.

Va nihoyat, manzilga yetib keldik. Bizni kutib olgan faxriylar bilan suhbatimiz tashkilot faoliyati haqida boʻldi.
Butunrossiya jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti turli nizolar va harbiy urushlarda xizmat qilgan jangchi-faxriylar, urush nogironlari, halok boʻlgan jangchilar oila aʼzolarining ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan.
Hozirgi kunda 950 dan ortiq hududiy va 623 birlamchi boʻlinmaga ega tashkilotga 1997 yil 26 dekabrda Butunrossiya mahalliy urush va harbiy nizolari jangchi-faxriylarining birinchi qurultoyida asos solingan. Dastlab “Boyevoye Bratstvo” jamoat birlashmasi, soʻng Butunrossiya mahalliy urush va harbiy nizolar jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat harakati sifatida faoliyat yuritgach, uchinchi qurultoyda tuzilma Butunrossiya jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti etib qayta tashkil etiladi.

Bugungi kunda tashkilotning keng qamrovli faoliyati xalqaro miqyosda munosib eʼtirof etib kelinmoqda. U 2005 yilda Xalqaro veteranlar federatsiyasi (Parij) aʼzoligiga qabul qilingan.
Boris Gromov raisligidagi tashkilot oʻtgan davrda urush qatnashchilari, faxriylar va nogironlarga, halok boʻlganlarning oila aʼzolariga sogʻligini tiklashi va ishga joylashishi uchun koʻplab moddiy-maʼnaviy koʻmak bergan. Xususan, 3 mingdan ortiq aʼzo sogʻligini tiklash va dam olishi uchun turli sanatoriylarga joʻnatilib, 4 ming nafardan ortiq faxriy va urushda halok boʻlganlarning oila aʼzolariga huquqiy yordam koʻrsatilgan.
Tashkilot tomonidan oʻz aʼzolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, vatanparvarlik, gumanitar va huquqiy yoʻnalishdagi dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Har yili minglab harbiy sport musobaqalari, xotira va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar oʻtkaziladi.
Bugungi kunda urushda halok boʻlganlarning nomini tiklash va xotirasini abadiylashtirish ishlari tashkilot faxriylarning alohida tashabbusiga aylangan. Ularning saʼy-harakati tufayli turli hududlarda 663 ta xotira yodgorligi oʻrnatilgan. Urush harakatlari olib borilgan joylarda qidiruv ishlari olib borilib, dafn etilgan askarlarning shaxsini aniqlash va nomini abadiylashtirish ishlari olib borilgan.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni sifatli va izchil davom ettirish maqsadida tashkilot va qator hamkorlar tashabbusi bilan 2015 yili “Pamyat pokoleniy” xayriya fondiga asos solingan. Fond yosh vatanparvarlar klublari, faxriylar hamda ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish markazlarini tashkil etib kelmoqda. Shuningdek, urushda halok boʻlgan mard oʻgʻlonlar mangu qoʻnim topgan 100 dan ortiq qabriston obodonlashtirildi.
Bizga berilgan maʼlumotlardan soʻng muzey boʻylab ekskursiya tashkil etildi. Muzeydagi eksponatlar orqali turli yillarda tinchlik uchun kurashgan mard oʻgʻlonlar xotirasi yodga olinadi. Bugungi kunda hayot faxriylarga koʻrsatilayotgan koʻmak haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
“Boyevoye Bratstvo” xalqaro ittifoqi ijrochi kotibi, Butunrossiya jangchi-faxriylarining “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti raisi oʻrinbosari Gennadiy Shoroxov bilan suhbatimiz ham shu yerda kechdi.
– Kuni kecha Toshkentda boʻlib qaytdim. U yerda Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdim, – deydi G.Shoroxov. – Ochigʻi aytish kerak, Oʻzbekistonda urush faxriylariga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotganidan mamnun boʻldik. Bu aksar mamlakatlar uchun chin maʼnodagi ibrat deyish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ularga koʻrsatayotgan ehtiromi, davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar faxriy jangchilarni ruhlantirdi.

Suhbat asnosida G.Shoroxov afgʻon zaminida barqarorlikka erishish boʻyicha olib borilayotgan xalqaro saʼy-harakatlar haqida toʻxtalar ekan, Oʻzbekistonning bu boradagi tashabbuslarini alohida qayd etdi:
– Afgʻonistonda barqarorlikni taʼminlash, birinchi navbatda, sanoatni tiklash, iqtisodiy oʻsishga erishishni taqozo etadi. Bunday yondashuv bugun Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan va taklif etayotgan loyihalarda oʻz aksini topgan, – dedi u.
Tadbir soʻnggida “Boyevoye Bratstvo” jamoat tashkiloti raisi Boris Gromov va jurnalistlar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Bugun press-tur doirasidagi tadbirlar “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi boʻylab ekskursiya tarzida davom etadi.
Maʼlumot oʻrnida, “Rossiya segodnya“ xalqaro axborot agentligi 2013 yili “RIA Novosti“ axborot agentligi negizida tashkil topgan. Bugungi kunda agentlik ingliz, ispan, arab, xitoy kabi qator xorijiy tillarda maʼlumot uzatuvchi axborot portallari, xalqaro multimedia matbuot markazlari, shuningdek, foto va infografika tarqatish, oʻz mahsulotlarini ijtimoiy tarmoqlarda chop etish hamda ushbu maqsadlarga qaratilgan mobil ilovalar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchilarni birlashtiradi.