Botkenda o‘zbek qo‘shiqlari yangramoqda
Qirg‘izistonning Botken viloyati Leylek tumaniga qarashli Qatraŋ qishlog‘ida, Kozu-Bag‘lan daryosi bo‘yidagi go‘zal tabiat qo‘ynida “Madaniyat do‘stlikka chorlaydi” nomli xalqaro do‘stlik festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Festival Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Xitoy davlatlarining madaniyat vakillarini bir sahnaga jamlab, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan.

Tadbir madaniyat arbobi Asanbay Mansurov hamda Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Samara Karimovaning tashabbusi bilan tashkil etildi.

Festivalda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili o‘rinbosari Maqsatay Karimberdiyeva, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Axmedov, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan vakillar ishtirok etdi.

Rasmiy mehmonlar festival ishtirokchilarini tabriklab, bunday madaniy tadbirlar qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, ular tashkilotchilar va madaniyat namoyandalariga xalqlar do‘stligini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan hissalari uchun minnatdorlik bildirdi.
Festivalning konsert dasturida Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Xitoy san’at yulduzlari tomoshabinlarga unutilmas kayfiyat ulashdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA