Boshcho‘rash og‘ir hudud toifasidan chiqadi
Samarqand viloyatida o‘tgan yili ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir hudud hisoblangan 83 mahallada aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilib, 40 ta mahalla og‘ir hudud toifasidan chiqarildi.
Bu yil qolgan mahallalarda ham yo‘llarni sozlash, elektr energiyasi, toza ichimlik suv va suyultirilgan gaz ta’minotini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash orqali hududlarni obod qilish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Payariq tumanining olis Boshcho‘rash mahallasida ham bu boradagi ishlar boshlandi. To‘rt qishloqdan iborat va to‘rt mingdan ortiq aholi yashaydigan mahallada odamlarni bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan elektr energiyasi ta’minoti, yo‘llar, toza ichimlik suv bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Viloyat va tuman hokimligi ishchi guruhi, viloyat xalq qabulxonasi mas’ullari mahallada xonadonbay o‘rganish ishlarini olib borib, qaysi oilaga qanday yordam ko‘rsatish, hududda infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgilab oldi. Shu asosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

– Dasturda Boshcho‘rash, Oqtosh, Sohibkor va Baliqchi qishloqlarida elektr tarmoqlari uchun 270 ta beton ustun, 1 ta transformator o‘rnatish, 2,7 kilometr tuproq ko‘chalarni shag‘allashtirish, 5 kilometr asosiy yo‘lni ta’mirlash, Oqtosh qishlog‘ida yangi ichimlik suv inshooti qurish va 3,7 kilometr suv tarmog‘i tortish, mahallaga 9,4 kilometr aloqa tarmog‘i yaratish, aholini maishiy gaz ballonlari bilan to‘liq ta’minlash, mahalla binosini ta’mirlash va jihozlash belgilangan, – deydi Payariq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari U.Ollanov. – Ayni paytda bu boradagi ishlar boshlandi. Bundan tashqari, mahalladagi ehtiyojmand oilalarga zarur moddiy yordam ko‘rsatilib, uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari olib berilmoqda. Mahallada amalga oshirilayotgan ishlar tegishli ishchi guruh tomonidan har kuni o‘rganilib, muvofiqlashtirib borilmoqda.
G‘.Hasanov,
O‘zA