Bosh maqsad – inson xavfsizligini ta’minlash!
Ta’kidlash lozim, so‘nggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orol dengizi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlari borgani sari jadallashmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha tasdiqlangan Yo‘l xaritasi doirasida 13-Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha tezkor choralar hamda 15-Quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashish, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini to‘xtatish va ortga qaytarish, bioxilma-xillikning yo‘qolib ketish jarayonini to‘xtatish to‘g‘risida qabul qilingan dasturlarda aynan ona tabiatimizning himoyasini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.
Erishilayotgan tub o‘zgarishlar qatorida yana bir ulkan yangilik, ya’ni BMT Bosh Assambleyasining joriy yil 18 may kuni o‘tkazilgan navbatdagi yalpi majlisida “Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ma’lumki, bu tashabbus 2020 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi. Yalpi majlisda bu taklif 60 ga yaqin davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, qaror qabul qilindi.
Bunda BMT Bosh Assambleyasi Orol dengizi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ta’kidlangan.
Hujjatda atrof-muhitni tiklash, tabiiy resurslarni tejash va mintaqa aholisining hayot sifatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot maslahat ishlarini, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni barcha mamlakatlar tomonidan keng targ‘ib qilish, shuningdek, Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.
Qayd etish joiz, Orolbo‘yi mintaqasi Bosh Assambleyaga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi maqomini bergan birinchi mintaqa bo‘ldi. Hujjat mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda ixtisoslashtirilgan idoralar dasturlari va loyihalari, BMT tizimi mablag‘lari va dasturlarining izchilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nazir SOBIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi