Bor mehrimiz senga, bolajon!
Bugun O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasiga start berildi.
Navbatdagi donorlik aksiyasi 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan joriy yilning 1-3-iyun kunlari soat 9:00 dan 16:00 gacha Respublika qon quyish markazi hamda uning hududiy bo‘limlarida o‘tkazilmoqda.
Xayrli tadbirda partiya Markaziy apparati faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari, vazirlik, davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etmoqda.
[gallery-29718]
Aksiyada “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova ham ishtirok etdi va aksiyaning ahamiyatiga to‘xtalib, faol ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi:
– Har bir bola xalqimizning kelajagi, ertangi hayotimizning asosidir. “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu xayrli tadbir nafaqat insonparvarlikning, balki milliy bag‘rikenglik va hamjihatlikning yorqin namunasidir. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi inson hayotini doimo eng oliy qadriyat deb biladi. Xastalik bilan kurashayotgan, qonga muhtoj bolalarga yordam berish jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi insoniy burchdir. Shu ma’noda donorlik aksiyasida ishtirok etish faqat tibbiy ehtiyojni qondirish emas, balki mehr va mas’uliyat tuyg‘usining amaldagi ifodasidir. Har bir inson o‘z hissasini qo‘shsa, bir bemor bola sog‘ayishi, ularning oilasiga quvonch kirishi mumkin, — dedi partiya yetakchisi.
Darhaqiqat, o‘n yildan buyon yilda ikki-uch marta o‘tkazib kelinayotgan mazkur aksiya donorlik harakatini rivojlantirish va tibbiy yordamga muhtoj bolalarni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ham bemor bolalar salomatligini tiklashda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, aholi o‘rtasida beg‘araz yordam muhitini mustahkamlash, qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun qon zaxirasini to‘ldirish hamda jamiyatda donorlik madaniyati, insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib etishdan iborat.
Beg‘araz donorlik harakatida ishtirok etishni istaganlar joriy yilning 3-iyuniga qadar har kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha Respublika qon quyish markazi hamda uning hududiy bo‘limlariga kelib, bolalar himoyasi va salomatligi yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin.
Albatta, donorlikda ishtirok etishning ham o‘z tartib va talablari mavjud. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, donorlik harakatida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar fuqarolik pasporti bilan ishtirok etishi mumkin. Qon topshirishdan bir kun avval achchiq va sho‘r mahsulotlar, spirtli hamda gazli sovuq ichimliklar iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, donorlik kuni ertalabki nonushtada tuxum, yog‘ va sut mahsulotlari iste’mol qilmaslik lozim. Sariq kasalligiga chalinmaganlik va “D” ro‘yxatda turmaslik talab etiladi.
Bu kabi beg‘araz aksiya donorlik harakatini ommalashtirish va rivojlantirish, ko‘ngilli donorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishda, jamiyatda mehr-oqibat muhitini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA