Bor mehrimiz senga, bolajon!
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy bo‘limlarida «Adolat» SDP siyosiy kengashi tomonidan «Bor mehrimiz senga, bolajon!» shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
Har yili Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilib, an’anaga aylanib ulgurgan mazkur xayriya aksiyasi karantin sharoiti hamon davom etayotgan bugungi kunda jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston «Adolat» SDPning respublika bo‘ylab barcha hududlardan kengash xodimlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, «Ayollar qanoti», «Yosh adolatchilar» kengashi a’zolari, partiya faollari va ko‘plab yurtdoshlarimiz savobli ishga hissalarini qo‘shish maqsadida xayriya aksiyasida ishtirok etishdi. Donorlar orasida davlat, jamoat arboblari, turli vazirlik, muassasa, hamda tashkilotlar mas’ul xodimlari, xalq ardog‘idagi yozuvchi, shoir, san’atkorlar ham bor.
Mazkur aksiyani o‘tkazishdan maqsad tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, insonlarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemorlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Tadbirda ko‘ngilli donorlarning insoniyat oldidagi xizmatlari e’tirof etilib, rag‘batlantirildi va minnatdorlik bildirildi.
Aksiya davomida barcha donorlar bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash hamda ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shganidan xursand ekanini bildirishdi.
– Ushbu ko‘ngillilarni birlashtirib, insonparvarlik va mehr-oqibat namunalarini o‘zida aks ettirgan aksiya bolajonlar uchun chin ma’nodagi g‘amxo‘rlik belgisi bo‘ldi, – deydi partiya markaziy apparati boshqarma boshlig‘i Gulniso Saidova. – Beg‘araz donorlik kimningdir salomatligi, uning hayoti uchun hadya etiladigan bebaho ne’matdir.
Davlatimiz tomonidan qon xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, keng jamoatchilik orasida beg‘araz donorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Albatta, partiya elektorati va faollarining mazkur soha faoliyati samaradorligini oshirishga hissa qo‘shishi yanada muhim. Bu o‘rinda targ‘ibot ishlari bilan birga, partiya faollarining ko‘ngilli donorlar qatorida bo‘lishi esa ibratlidir.
Viloyatlar va tumanlar markazidagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalarida o‘tkazilgan beg‘araz donorlik aksiyasida turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash va ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan yurtdoshlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar.
Dard hayotga chang solganda butun dunyo tor ko‘rinadi. Shunday damlarda dard va iztirob chekayotgan inson birgina tibbiyot xodimidan emas, balki muruvvatli insonlardan ham najot kutadi. Qon topshirish orqali bir bemorni hayotga qaytarishga, unga hayotning betakror onlarini ko‘rishga ko‘maklashgan bo‘lamiz. bugungi aksiyada shunday fikrli insonlar ko‘pligiga yana bir bor amin bo‘ldik. «Adolat» SDP tashabbusi ushbu mehr-oqibat zanjirini yanada jipslashtirib, bemor bolajonlarning tezroq sog‘ayib, shifo topishlarida yetakchi omil bo‘layotir.
2002 yil qabul qilingan «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yurtimizda bu boradagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soladi. 2016 yili mazkur qonunga bir qancha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, jumladan, unga ko‘ra «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bundan asosiy maqsad qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish, aholining keng qatlamlarini bepul donorlikka jalb etishdan iboratdir.
2013 yili O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i asosida «Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom» tasdiqlangan. Unga muvofiq 18 yoshga to‘lgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxs donor bo‘lishi mumkin. Donorlar dastlab so‘rovnomani to‘ldirish va suhbat o‘tkazish yo‘li bilan tanlab olinadi.Xayriya aksiyasi doirasida tibbiyot xodimlari sog‘lom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz, shu bilan birga, foydali ekanligini ta’kidladi. Ishtirokchilar o‘rtasida donorlikning organizm uchun foydali jihatlari, afzalliklari xususida kengroq tushuncha berildi. bugungi tadbirning bosh maqsadi ham insonlarda qon quyish uchun xavfsiz qonning muhimligi va qon donorlarining zarurligini chuqurroq anglab yetishni shakllantirishdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA