“Bolangdan hurmat kutsang, otangni eʼzozla”
Til – elning boyligi.
Til – elning boyligi
– Paxan,shu toʻyda usilitel, artistni men viruchat qilsamda, rublni maydalab. A, bu Zafar bratan erta biz toʻy qilsak otvetini qiladiku-a. Knigasiga shunaqa yozilgan, tak chto...
– Sendan hech narsa kerakmas, baraka topgur kerakmas, – davra ahli guv etib unga yuzlandi. Negadir otaxonning tepa labi dir-dir titrardi, – oldin tilingni charxla, – dadil aytilayotgan bu gapda taʼkid, qatʼiyat bor edi. –Toʻrt kun chetga chiqib kelib otang, onang bisotini loyga qoradigan boʻldingmi? Pul topib, aql topmagan deydi sendaqalarni. Dasturxon non-tuzini zahar qilma. Sadqai odam ket.
– Ey, boboy, nima bu? Endi... Mansur umid bilan toʻybolaning otasi Zafarga boqqan edi, u koʻrsatkich barmogʻini ogʻzini ustiga qoʻydi,“jim” degandek.
– Bas. Boshim omon boʻlsin desang, tilingni asra. Otang bir umr yer kavlab senga rizq tutdi. Halol yedirdi, sen boʻlsa... Oq sut bergan onang rozi boʻlsin desang, u alla aytgan tilda gapir. To tilingni sozlamas ekansan, elga qoʻshilma. Chiq, uyimdan. Sensiz ham oʻtar shu toʻy.
Uning gapi tugar-tugamas davrani toʻrida savlat toʻkib oʻtirgan Barot ota bir tebrandi:
Ha, bu tomonlarda toʻyga kelma deyishlik eldan chiqqanga ishora. Ikki yil chetda ishlab, oʻzni dunyo koʻrganga chiqarib, oʻzbek tiliga rus soʻzlarni qoʻshib gapirishni odat qilgan Mansur kabi kimsalarni nari itarish uning uchun oʻlim bilan barobar. Oʻshanda toʻy mavzusini chetga surib otaxonning keskin dakki bergani davra ahlini tarang hayratga solgandi. Sababini shu yerda jam boʻlgan yoshi ulugʻlar bilgani boismi hech kim oraga tushmadi. Kayvonining qizishishi bejizga emas.
U qishloqdagi maktabda ona tili va adabiyoti fanidan dars bergan. Oʻshanda yigirma yoshlarda edi. Bir gal tekshiruvga “kattakonlar” kelganida, uning sinfiga ham kirishdi. “Barot malim”bolalarga mehr bilan saboq berayotib, Abdulla Qodiriyning “Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar” degan gapini aytdiyu, “balogina”ga qoldi. Zamon qaltis edi, oʻsha paytlarda. Uch kun tinmay “oblono”ga chaqirishdi, “poʻstagini qoqishdi”. Tong otarga yaqin sudralib uyga kirib keladi. Partiya safidan oʻchiramiz, seni maktabdan haydaymiz deyishdi. Elning bolalariga taʼlim berishda “millatchilik” qilayotgan ekan. Oʻshanda, yuragini qora quyun bosgani, tuganmas dard ichida toʻlgʻongani rost. Kechasi bilan oh urib, nola chekkanlari yodida. Shu yurt, shu xalq farzandi boʻla turib, oʻz yozuvchisining gapini ayta olmasa, qorakoʻzlarga yetkaza olmasa kim boʻldi, oʻqituvchilikning sharafi nimada? Xalq farzandi boʻlgan yozuvchi, shoirning biron-bir sheʼr yoki naqlini gap orasida ham boʻlsin, qistirib oʻtib keta olmasa, ona tili fani degani qayerda qoladi. Uch kunda sochi oqardi. Ishdan haydaldi. Shu sabab boʻldiyu, toʻrt yil maktab ostonasiga yoʻlatishmadi. Oʻsha kunlarni oʻtgani oʻtgan boʻlsin. Tilga hurmat, uni qadrlash hissi – jon qadar aziz ekanini yil oʻtgani sari anglamoqda. Ota-onasini sogʻingan kezlarda ularning pand nasihatlarini yodga olganda – til masalasi or, nomus, gʻurur bilan bogʻliq ekanini biladi. Ha, xalqimiz bejizga“Bolangdan hurmat kutsang, otangni eʼzozla” deya aytmagan.
Bugun Barot otaga oʻxshaganlarning qalbida yana quyosh porlamoqda. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yuksaltirish yoʻlidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 21-oktyabr –Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi, qonun qabul qilindi. Ehtiyoj bor edida. Qashqadaryo viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlib ish boshlab, buni yaqindan anglamoqdaman.
Til tuganmas boylik, xazina. Xazinani noyob qiladigan, qimmatini oshiradigan bu – uning duru javohirlari boʻlsa, biz uni boyitishga hissa qoʻshishimiz kerak emasmi? Qaysi sohada ishlamaylik baʼzida tushunarsiz soʻz yoki jumlaga duch kelib qolsak, filolog, mutaxassisga murojaat etgan joyimiz bormikin? Lugʻat titkiladikmi? Oʻz ona tilimizni bilmasligimizni tan olgimiz kelmadi. Taʼlim maskanlarining roʻparasiga imlo xatolar bilan “bejalgan” koʻcha yozuvlarini ilib qoʻyganmiz. Bola aytganga emas, koʻrganiga ishonadi. Taʼlimning muhim sharti bu, avvalo, ibrat, namuna boʻlishlikdir. Farzandga kitob oʻqi, kitob oʻqi desangizda, ammo oʻzingiz telefon “kovlab” oʻtirsangiz, telefon dastagini “Privet, privet, qandaylar?” deb koʻtarsangiz...
Bu yoʻldagi ishlarni amalga oshirish uchun birlashish darkor. Bu davr talabi! Tadbirkorman deya, koʻngilga kelgan soʻzdan yorliq tayyorlab, doʻkon peshtoqiga ilib qoʻyish urf boʻlgan. “Grand”, “Angel”, “Butik”, “Volna”,“Madam”, “Astoriya”, “Master”, “Posudani zoʻri”, “Mister”, “Zakazga tovar keltiramiz”. Hamyurtimizning tadbirkorligi, mahsulot ishlab chiqarishiyu, savdo sotiqdagi ishi tahsinga loyiqdir, ammo oʻzi yashab turgan zamini, unga rizq tutgan davlat tiliga hurmatsizlik, bepisandlikni – xiyonatga tenglagim keladi. Nega deysizmi? Til – elning boyligi, pokiza dasturxoni. Koʻpning haqiga notoza qoʻlni tiqib bulgʻamoqdan ogʻir gunoh yoʻqdir. Shoir Muhammad Yusuf aytgani kabi, yurakni tirnab bir nola oʻtadi: Ona tilim, kechir meni, ona tilim. Tilning ravnaqi va sayqali yoʻlidagi ishlar albatta, koʻpning ishi. Bunda jamoatchilik nazoratining ahamiyati yuksak. Ularning orasida siz va biz oʻz oʻrnimizni yana-da teranroq tushunsak, nur ustiga aʼlo nur. Bu ulugʻvor ishga hissa qoʻshish esa, albatta savob. Ajdodlar merosini asrab avaylash uchun burchlimiz. Shu yoʻlda jasorat, fidoiylik koʻrsatgan ziyolilar xotirasi oldida bosh egib, ular boshlagan ishlarni davom ettirmoqlik azmi aʼmolimiz boʻlmogʻi kerak.
Tilimiz gʻaznasini ohista koʻzdan kechirib afsus uyatdan yuz qizarib ketmoqda. Siz va meni ulgʻaytirgan, dunyoqarashimizni shakllantirgan, yurakni junbushga keltirgan soʻzlarni biz hech qanday maʼnosiz, siyogʻi yoʻq, yurakka yetib bormaydigan, quruq soʻzlarga almashmoqdamizku? Goh bilib, goh bilmay. Bundan bir necha yillar ilgari – ayirboshlash, taqvim, nusxa koʻchirish, doʻkon, majmua, loyihalash, yorliq, quvvatlash, tuzilma deya soʻzlashgan boʻlsak, bugun market, kserokopiya, dizayn, komplekt, tekst, fenomen, tovar, direksiya, unitar, infratuzilma, fond kabi soʻzlarni hech qanday ogʻriqlarsiz ishlatmoqdamiz.
Mustaqillik yillarida oʻzbek tilining ravnaqi uchun qator ishlar qilindi, ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Lugʻatlar chop etildi. Bu kabi ishlarni yana-da koʻpaytirish, ildamlab ketayotgan zamon zaylining shiddati bilan baqamti boʻlish vazifasi ilgari surilmoqda.
Til taraqqiyotini belgilashning bosh mezoni kitobxonlik ekani bugun tobora ayon boʻlmoqda. Qanchadan qancha oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari chop etilmoqda. Mamlakat rahbari tashabbusi bilan kitobxonlar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Buyuk mutafakkir, adib, yozuvchi, shoirlarning asarlari lotin alifbosida chop etilyapti. Orada anchayin uzilish boʻlgan edida. Men yoshligimda qoʻlimdan qoʻymay oʻqigan asarlar kirill alifbosida, farzandim maktabda lotin alifbosini oʻrgangan. Bugun mana shu ehtiyojlarga barham berilyapti. Davlat boshqaruv organlarida davlat tilida ish yuritish, masʼul xodimlarni masʼuliyatini oshirish, koʻcha yozuvlari, peshlavhalarni maʼnaviyatimizga mos boʻlishini taʼminlash, geografik obyektlarni nomlanishida uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etish yoʻlida hamfikr boʻlib ish olib borilmoqda. Maqsad yagona hazrat Navoiy yakqalam qilgan, Bobur, Qodiriy, Choʻlpon, A.Oripov, M.Yusuf jon berib sayqallagan ona tilimiz qaddini tiklamoq, oʻzbekcha fikrlab, oʻzbekcha gapiradigan avlodni tarbiyalashdan iboratdir. Bu yoʻlda, yaʼni Ibrat bobomiz aytgani kabi vataniy ishda birlashish istagidasiz, safimizga qoʻshiling. Onamiz tilini ardoqlab, qadr topish sharafi muborak boʻlsin!
Ziyoda AMINOVA,
Qashqadaryo viloyat hokimining
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari boʻyicha maslahatchisi.