Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalash – insoniylik va adolatning yuksak ifodasi
Bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash dolzarbdir. «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ahamiyati xususida «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati raisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Husanov quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ayniqsa, yosh avlodning huquqlari, qonuniy manfaatlari va xavfsizligini himoyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Har qanday jamiyatning taraqqiyoti, ma’naviy yetukligi va kelajagi, avvalo, unda bolalarga bo‘lgan munosabat, ularning huquq va manfaatlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor bilan belgilanadi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalashni yanada kuchaytirish, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi samarali huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Har bir bola millati, dini, tili, irqi, kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, mehr-muhabbat, g‘amxo‘rlik va himoyaga munosib bo‘lgan bebaho inson hisoblanadi. Uning o‘z fikrini erkin ifoda etishi, ta’lim olishi, qobiliyat va iste’dodini namoyon qilishi, eng muhimi, xavfsiz va baxtli bolalikni boshdan kechirishi muhim ahamiyatga ega. Yer yuzidagi barcha bolalarga o‘z farzandimizdek munosabatda bo‘lish, ularning qalbini asrash, huquq va erkinliklarini himoya qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini e’zozlash barchamizning insoniylik burchimizdir.
Har bir bolaning sog‘lom, xavfsiz va baxtli muhitda ulg‘ayishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi, o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi hamda kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Bugun mehr va e’tibor bilan tarbiyalangan, huquqlari himoya qilingan, qalbida ezgulik va adolat tuyg‘ulari shakllangan bolalar ertaga mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga oladigan yetuk insonlar bo‘lib kamol topadi.
Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning jismoniy, ruhiy, jinsiy va boshqa shakllari ularning nafaqat sog‘lig‘iga, balki ruhiy holati, dunyoqarashi, o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchi va kelajakdagi hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, bolalik davrida yetkazilgan ruhiy jarohatlar inson qalbida uzoq vaqt saqlanib qolishi, uning shaxs sifatida shakllanishiga ta’sir etishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik ko‘rinishiga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, uning oldini olish, jabrlangan bolalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga zarur yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Zo‘ravonlikdan xoli bolalik farovon kelajak poydevoridir. Bolani himoya etish faqat uning jismoniy xavfsizligini ta’minlash bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, uning qalbini asrash, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, fikrini tinglash, qo‘rquv va tazyiqdan xoli muhitda yashashini ta’minlash demakdir. Bola o‘z oilasida, maktabda, mahallada va jamiyatning boshqa muhitlarida o‘zini xavfsiz his qilishi, muammoga duch kelganda esa yordam so‘rashi mumkinligini bilishi juda muhim.
Mazkur Qonun mamlakatimiz hududida istiqomat qilayotgan barcha bolalar, ularning millati, dini, tili va kelib chiqishidan qat’i nazar, davlatning mustahkam himoyasida ekanini ifodalovchi muhim huquqiy kafolatdir. Ushbu hujjat har bir bolaning huquqlari qonun bilan himoyalanishi, uning xavfsizligi, sha’ni va qadr-qimmati doimo e’tiborda bo‘lishi, zo‘ravonlikka duch kelgan bolalarga zarur yordam ko‘rsatilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi.
Ayni paytda, qonunlarning mavjudligi bilan bir qatorda, ularning hayotda samarali ishlashi va belgilangan huquqiy normalarning amaliyotga izchil tatbiq etilishi ham katta ahamiyatga ega. Buning uchun mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, bolalar huquqlarini himoya qilishga mas’ul mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni izchil amalga oshirish zarur.
Ayniqsa, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda nafaqat davlat organlari, balki ota-onalar, ta’lim muassasalari, mahalla, nodavlat tashkilotlar va keng jamoatchilikning ham mas’uliyati katta. Chunki bolani himoya qilish birgina tashkilot yoki muassasaning vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy burchidir. Oilada ota-onaning mehri va e’tibori, maktabda o‘qituvchining adolatli munosabati, mahalladagi hamjihatlik va jamoatchilikning befarq bo‘lmasligi bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Bunda bolalarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga o‘z huquqlarini anglatish, xavfli vaziyatlarda qanday yo‘l tutish va kimga murojaat qilish mumkinligini tushuntirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ota-onalar va pedagoglar o‘rtasida bolalar tarbiyasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, sabr-toqat va zo‘ravonliksiz munosabat tamoyillarini keng targ‘ib qilish zarur. Tarbiyada qo‘rqitish va zo‘ravonlik emas, balki ishonch, tushunish va samimiy muloqot ustuvor bo‘lishi kerak.
Har birimiz bolalarning dardiga befarq bo‘lmasligimiz, ularning murojaatlarini e’tibor bilan tinglashimiz, huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Ba’zan o‘z vaqtida aytilgan bir og‘iz dalda, samimiy suhbat yoki befarq bo‘lmagan munosabat bolaning qalbidagi qo‘rquvni yengishga yordam berishi mumkin. Shuning uchun bolalar bilan ishlashda ularning yoshi, ruhiy holati va individual xususiyatlarini inobatga olish, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Ishonamanki, mazkur Qonunning hayotga izchil tatbiq etilishi bolalar manfaatlarini ta’minlash, ularni turli zo‘ravonliklardan himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalarda va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu Qonunning mazmun-mohiyati har bir fuqaro ongiga chuqur singdirilib, bolalar xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash umummilliy qadriyat darajasiga ko‘tarilishi zarur.
Har bir bola bizning farzandimiz, yurtimizning ertangi kuni va insoniyatning umididir. Ularning bugungi baxti, ertangi ishonchi va kelajakdagi muvaffaqiyatlari ko‘p jihatdan biz kattalarning bugungi munosabati, mas’uliyati va amaliy harakatlariga bog‘liq. Bolalarni asrash, ularning huquqlari, or-nomusi va qadr-qimmatini himoya qilish orqali biz nafaqat ularning bugunini, balki butun jamiyatning kelajagini ham himoya qilgan bo‘lamiz.
Bolalar kulgusi yangragan, ularning huquqlari ta’minlangan, mehr-muhabbat va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatgina chinakam taraqqiy etgan jamiyatdir. Bolaga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik kelajakka qo‘yilgan sarmoya, uning huquqlarini himoya qilish esa inson qadrini ulug‘lashning oliy ko‘rinishlaridan biridir.
Shu ma’noda, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid mazkur Qonun insonparvarlik, adolat va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, bolalikning daxlsizligini ta’minlash hamda har bir farzand uchun xavfsiz va farovon kelajak yaratish yo‘lidagi muhim huquqiy qadamdir. Bolalarni himoya qilish nainki qonun talabi, balki vijdon amri, insoniylik mezoni va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.