Bolalarni musiqaga oshno etib
Yosh avlodning musiqa va san’atga qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish, o‘quvchilarning ma’naviy va estetik rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularni milliy va jahon musiqasi, tasviriy san’atning yuksak namunalaridan va o‘zbek xalqining mumtoz musiqa merosi durdonalaridan bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish Bolalar musiqa va san’at maktablarining asosiy vazifasi sanaladi.
Toshkent viloyatiga uyushtirgan xizmat safarimiz chog‘ida Yangiyo‘l tumanidagi 5-Bolalar musiqa va san’at maktabida yoshlarni san’at va musiqa olamiga jalb etish, ularning ta’lim-tarbiyasi, o‘quv jarayoni va ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.
Aslida, 250 o‘ringa mo‘ljallangan maktab bugungi kunda 900 nafardan ortiq yoshlarni o‘ziga qamrab olgan bo‘lib, to‘garak va mashg‘ulotlar smena asosida o‘tkazilayotgani sohaga talab kuchayganidan dalolat. Maktab o‘quvchilarining shijoati, musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishi naqadar kuchliligi ularning yonib turgan ko‘zlarida aks etgan. Samarali faoliyati tufayli yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan mazkur dargoh boshqa ko‘pgina musiqa va san’at maktablariga o‘rnak bo‘lishga arziydi.

Safarimiz chog‘ida Yangiyo‘l tumanidagi Xalqobod mahallasida joylashgan madaniyat markazida ham bo‘lib, binoning holatini o‘rgandik. Bino ta’mirtalab holatda, anchagina nurab qolgan qismlari ham bor.
Ammo to‘garaklar faoliyat olib bormoqda, yoshlarning san’at va madaniyatga qiziqishi kuchli. Mazkur madaniyat markazini obod etish va xalqobodliklarning sevimli maskaniga aylantirish galdagi vazifalarimiz sirasiga kiradi. Bu borada davlat-xususiy sherikchilik asosida mahalliy tadbirkorlarni jalb etishni rejalashtirganmiz.
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri