Bolalar yozi ko‘ngilli o‘tmoqda
"Bilimdon" oromgohi 2025-yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yangitdan qurib bitkazilgan. U Farg‘ona tumani, Avval turizm qishlog‘i tarkibiga kiruvchi Log‘on mahallasi hududida, tabiatning betakror va sof manzaralari, tog‘ yon bag‘rida joylashgan zamonaviy bolalar oromgohlaridan biri hisoblanadi.
9 gektar maydonni egallagan oromgohda bolalarning sog‘lom dam olishi, jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda zamonaviy yotoqxonalar, 5 mahal sifatli ovqatlanish, malakali tibbiy xizmat, kutubxona, suzish havzasi, sport maydonchalari, ijodiy va texnik to‘garaklar, yozgi amfiteatr, butun oromgoh bo‘ylab kuzatuv kameralari hamda bolajonlarni maroqli dam olishlari uchun 12 kunlik dastur faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– Beshta mavsumda ming nafar bolalar sog‘lomlashtirilib dam oladilar. Hozir, to‘rtinchi mavsumda 200 nafar bolalar maroqli dam olmoqda, – deydi “Bilimdon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgoh direktori Muzaffar Mamatqulov. – Samarqand, Toshkent, Navoiy viloyatlaridan ham dam olgani kelishadi. Ularga yana ilm va hunar ham o‘rgatamiz.

Oromgohda bolalarning bilim va iste’dodini rivojlantirishga xizmat qiluvchi kutubxona, ochiq va yopiq sahnalar, 250 o‘rinli madaniy amfiteatr mavjud. Oromgoh milliy qadriyatlar va zamonaviy tarbiya usullarini uyg‘unlashtirgan maskan sifatida faoliyat yuritadi.
– Jurnalistikaga qiziqtirish uchun media klubimiz bor, kulolchilik, shaxmat-shashka, sport klublari ishlab turibdi. Bundan tashqari IT, robototexnika to‘garagimiz ham bor. Bolalar shu soha mutaxassislaridan boshlang‘ich bo‘lsa-da bilim olishmoqda, – Muzaffar Mamatqulov.

– Bu dargohda menga yoqqani uning to‘garaklari bo‘ldi. Raqs, karaoke, mohir qo‘llar, rassomchilik to‘garaklariga qatnashaman. Bugun Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Besh bolali yigitcha” asarini o‘qib o‘rgandik. Men o‘qishga chiqqach, sinfdoshlarimga bu oromgohga kelishni tavsiya qilaman, – deydi Yoshlarobod qishlog‘idan kelgan Durdona Ikromjonova.
– Bu yerda mohir qo‘llar, tasviriy san’at, raqs va kulolchilik to‘garaklari bor. Men bissertdan taqinchoqlar to‘qishni o‘rgandim. Maktabga qaytgach, sinfdoshlarimga bu hunarni o‘rgataman, – deydi Hurriyat Isroilova.
Oromgohda sport maydonchalari zamon talablari darajasida. Yozning issiq kunlari uchun suv sporti bilan ham shug‘ullanish mumkin.

Oshxona keng va toza, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Taomlar bolalarning yoshiga va fiziologik ehtiyojlariga mos holda tayyorlanadi.

– Oromgohga kasaba uyushmalaridan yo‘llanma olish mumkin. Bundan tashqari oromgohlar.uz sayti orqali yo‘llanmaga buyurtma beriladi, – deydi Muzaffar Mamatqulov.
– Yozgi oromgoh bu faqat dam olish joyi emas, balki bolaning rivojlanishi, muloqot qilish va o‘z salohiyatini ochish uchun imkoniyatdir.
<iframe width="1801" height="1013" src="https://www.youtube.com/embed/BRcjpmzJT4M" title="Bolalar yozi ko‘ngilli o‘tmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muxammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov