Bolalar muzeylari. Bolalar uchun ta’tilbop maskanlar (+video)
Yozgi ta’til boshlanishi bilan ota-onalar farzandlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yo‘llarini izlamoqda. Bunday maskanlar qatorida bolalar uchun mo‘ljallangan muzey bo‘limlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Garchi O‘zbekistonda hozircha alohida yirik bolalar muzeyi tashkil etilmagan bo‘lsa-da, ayrim davlat muzeylarida kichkintoylar uchun maxsus xonalar va interaktiv maydonlar faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, yaqinda rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyida bolalar bo‘limi tashkil etildi. Bu yerda bolajonlar Amir Temur va Temuriylar davriga oid kitoblarni mutolaa qilishlari, bilim beruvchi mobil o‘yinlarda qatnashishlari hamda rasm chizish va bo‘yash bilan shug‘ullanishlari mumkin. Shuningdek, ular uchun shaxmat mashg‘ulotlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Kuni kecha ommaviy axborot vositalari vakillariga taqdim etilgan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasida ham bolalar xonasi tashkil etilgan. Mazkur hudud kichkintoylarning tasavvuri va ijodkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu yerda bolalar rasm chizish, bo‘yash va kitob o‘qish bilan bir qatorda zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘zlari bo‘yagan hayvonlar tasvirini animatsion shaklda “jonlantirish” imkoniyatiga ega.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidagi bolalar bo‘limi 2011-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Bu yerda muzey xodimlari ishtirokida tarixiy ashyolarning kichik nusxalarini tayyorlash, kulolchilik va arxeologiyaga oid mahorat darslari muntazam tashkil etiladi.
Ayni paytda muzey binosida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli kulolchilik va rassomchilik mashg‘ulotlari Adiblar xiyoboni hududida joylashgan Toshkent muzeyida o‘tkazilmoqda. Haftaning seshanba va juma kunlari tashkil etilayotgan ushbu darslar bolalarga yangi bilim va ko‘nikmalar berish bilan birga, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzeylardagi bunday interaktiv maydonlar bolalarda tarix, madaniyat va san’atga qiziqishni oshiradi. Shu bois bayram kunlari yoki yozgi ta’til davomida farzandlarni muzeylarga olib borish nafaqat mazmunli hordiq chiqarish, balki ularning dunyoqarashini kengaytirish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/y13X4ieoeqs" title="Bolalar muzeylari. Bolalar uchun ta'tilbop maskanlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Меҳрожиддин Umrzaqov, O‘zA