Bolalar ko‘zida quvonch porladi
Olimlarning ta’kidlashicha, bolalar ko‘zidagi quvonchdan go‘zalroq holatning o‘zi bo‘lmas ekan.
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB kinologiya bo‘linmasi xodimlari Yangi yil bayrami arafasida mazkur tuzilmada faoliyat yuritib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan safdoshlarining farzandlarini yo‘qlab bordi.

Soha mutasaddilari marhum kichik serjant M.Xudoyberdiyev hamda safdor Yu.Zayniddinovlarning xonadonlariga borib, oila a’zolari holidan xabar oldi. Ularni yangi yil bilan qutlab, farzandlariga bayram sovg‘alari tortiq etdi.

Shuningdek, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida yangi yil o‘ziga xos tarzda nishonlandi.
Bu yerdagi bolalar ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan qutlanib, ularga ham yangi yil sovg‘alari ulashildi.

Tadbir davomida bolajonlar bayramona bezatilgan archa atrofida she’rlar o‘qib, raqsga tushdilar. Qorbobo va Qorqiz esa bolalarni sovg‘alar bilan siyladi. Ezgu tilaklar bildirildi. Bayramona dasturxon bezatilib, milliy taomlar tortildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari