Bolalar himoyasi kuchaytiriladi
Parlament quyi palatasining majlisida voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjat bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, bu sohadagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda ularga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega harakatlarning oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 282-moddasiga voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini prokurorning huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqidagi qarori olinganidan so‘ng sudga yuborishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi voyaga yetmagan bolalarni zo‘ravonlik va shahvoniy tajovuzlardan himoya qilish, surishtiruv bosqichida og‘ir jinoyatlarning ma’muriy huquqbuzarlik sifatida yashirilishiga chek qo‘yish hamda javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA