“Bolalar festivali” bolajonlarga olam-olam quvonch hadya etdi
1-iyun – Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida “Bolalar festivali” tashkil etildi.
Har yili 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni yurtimizda o‘zgacha nishonlanadi. Bu kun yaqinlashgan sari nafaqat bolajonlar, balki katta yoshdagi yurtdoshlarimiz ham kun sanay boshlaydi. Axir turmush tashvishlariga o‘ralashib, charchagan vaqtlarimizda har birimiz bolaligimizga qaytgimiz, uning shirin tashvishlari va zavqli onlarini yana bir bor his qilgimiz kelganligi ayni haqiqat.
Festivalda minglab bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning sifatli ta’lim olishi, iqtidorini ro‘yobga chiqarishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat siyosati darajasida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy ta’lim va tarbiya muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Bolalar festivali” ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy natijasidir. Festival doirasida tashkil etilgan turli loyihalar har bir bolaning qiziqishi va iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyat yaratdi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda farzandlarimizning bilimli, sog‘lom va har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Rohila Ochilova. – Navoiy shahrida o‘tkazilayotgan “Bolalar festivali” ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Festival doirasida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy, ijodiy va innovatsion loyihalar yosh avlodning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Zero, farzandlarimiz baxti va kamolotiga qaratilgan har bir sa’y-harakat yurtimizning kelajagi uchun xizmat qiladi.
Tadbir doirasida mashhur san’atkorlar ishtirokidagi konsert chiqishlari, teatr jamoalarining sahna asarlari, yosh rassomlar va ijodkorlar ko‘rgazmalari namoyish etildi. Shuningdek, “Kitoblar olamiga sayohat” maydonida bolalar uchun qiziqarli kitoblar taqdim etilib, mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan turli tanlov va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Sport musobaqalari va shou dasturlar orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Milliy karaoke, kreativ maydonlar va madaniy tadbirlar esa yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va ijodiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Festival doirasida tashkil etilgan savdo va ko‘chma xizmat ko‘rsatish nuqtalari tadbir ishtirokchilari uchun qulayliklardan biri sifatida alohida e’tirof etildi.
[gallery-29721]
– Bugungi bayramda qatnashib, maza qilib o‘ynadim, – deydi Sabina Farmonqulova. – Dugonalarim bilan turli o‘yinlarda ishtirok etdim, attraksionlarda uchdim. Bunday bayramlar ko‘p bo‘laversin.
“Bolalar festivali” yuksak maqsadlarni o‘zida mujassam etgan holda, bolalar uchun haqiqiy bayramga, oilalar uchun esa unutilmas quvonch va baxt manziliga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Albatta, bu kabi tadbirlar davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan “inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasidir. Zero, bolalarning baxtli kulgisi, ularning bilimli, sog‘lom va vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishi mamlakatning ertangi taraqqiyoti va farovon kelajagining mustahkam poydevoridir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari