Bolajonlarga yangi yil tuhfasi
Buxoro viloyati Olot tumani, “Xosabo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 27-sonli umumta’lim maktabining bo‘sh yotgan maydonida zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur bolalar bog‘chasi 120 nafar jajji o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olayotgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur loyiha umumiy qiymati 4 milliard so‘mni tashkil etib, qurilish ishlari mahalliy pudratchi “Fayzbek O‘g‘iloy” MCHJ binokorlari tomonidan kuz oylarida talab darajasida, sifatli amalga oshirildi.


Inshootni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, mahalla mas’ullari, ota-onalar va ular jajji farzandlari hozir bo‘ldi. So‘zga chiqqanlar xosabo‘yiliklarni ko‘rkam muassasa binosi bilan samimiy tabriklab, barkamol avlod ertangi kuniga katta ishonch bildirdi. Maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, bunday muhtasham va zamonaviy ta’lim maskanlari bolajonlarning har tomonlama kamol topishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.


Tadbirda quruvchilarga alohida minnatdorlik bildirildi. O‘z navbatida mahalla faollari yangi yil arafasida foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi uchun tashkilotchilar, tuman mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.