Bolajonlarga mehr va e’tibor ulashildi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Guliston shahridagi Viloyat bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida xayr-saxovat tadbiri tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbir tibbiy reabilitatsiyaga muhtoj bolajonlarga quvonch ulashish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va eng muhimi, har bir bola davlat va jamiyat e’tiborida ekanini yana bir bor namoyon etishga qaratildi.
Tadbirda markazda davolanayotgan bolajonlar, ularning ota-onalari hamda soha xodimlari ishtirok etishdi. Bolalar uchun turli ko‘ngilochar dasturlar, rasm chizish, ijodiy mashg‘ulotlar, shaxmat va shashka musobaqalari tashkil etildi. Quvonchli lahzalarga boy bo‘lgan tadbirda ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Eng muhimi, biror bir bola e’tibordan chetda qolmadi.
Tadbir davomida bolajonlarning yuzidagi tabassum, ko‘zlaridagi quvonch har qanday mukofotdan ham qimmatli ekanini his qilish mumkin edi. Chunki sog‘liqni tiklash yo‘lida davolanayotgan bola uchun tibbiy muolajalar bilan bir qatorda mehr, e’tibor va ruhiy qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Raqamli sog‘liqni saqlash markazi mas’ul xodimlari Sirdaryo viloyati bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etishib, bolajonlarga mehr va e’tibor ulashishdi. Bolalarning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib turibmiz. Ular o‘zlariga bo‘lgan g‘amxo‘rlikni his qilib, davlat va jamiyat e’tiborida ekanini yana bir bor anglamoqda. Bu kabi tadbirlar bolalarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ularning hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Ermat Ashurboyev.
[gallery-30948]
Muassasada bolalarni qabul qilish va davolash jarayonlari raqamli tizim orqali tashkil etilgan. Guliston va Yangiyer shaharlari, shuningdek, tumanlardagi poliklinikalardan bolalar yo‘llanma asosida markazga yuboriladi.
— Markazimizda raqamlashtirish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar poliklinikalardan yo‘llanma asosida qabul qilinib, navbat bilan zarur tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu esa ham shifokorlar, ham ota-onalar uchun qulaylik yaratadi, — deydi markaz katta hamshirasi Nodira Otaboyeva.
Markazda reabilitatsiyaning turli zamonaviy usullari qo‘llanilmoqda.O‘tgan yili nogironligi bo‘lgan hamda surunkali kasalliklarga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan ming nafardan ziyod bolaga tibbiy reabilitatsiya xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 800 nafardan oshdi. Bemorlarni qabul qilish, ularning davolanish jarayonini nazorat qilish va tibbiy ma’lumotlarni yuritish ishlari zamonaviy elektron tizimlar orqali amalga oshirilmoqda.
— Fizioterapiya bo‘limida yuqori va past chastotali toklar, elektroforez, parafin bilan davolash kabi muolajalar ham amalga oshirilmoqda. Ota-onalar farzandlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, minnatdorlik bildirishmoqda. Ayrimlari bolalarini yana markazimizga olib kelib, davolanishni davom ettirishni xohlashmoqda., — deydi Nodira Otaboyeva.
Tadbir davomida so‘z olgan Ermat Ashurboyev mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
— Bugungi kunda 38 milliondan ortiq aholi yagona «DEMED» ekotizimiga jamlangan. Mazkur platforma bemorning tibbiy muassasaga murojaat qilishi, tashxis qo‘yilishi, davolanishi va kuzatuv jarayonlarini to‘liq qamrab oladi. Sirdaryo viloyatida bu tizim samarali yo‘lga qo‘yilgani bilan alohida ajralib turibdi. Biz har bir poliklinika va shifoxonada raqamlashtirishning amaliy natijalarini ko‘ryapmiz. Ayni paytda aholi ham raqamli xizmatlardan faol foydalanmoqda. Fuqarolar mobil ilovalar orqali shifokor qabuliga yozilishmoqda, o‘z tashxislari va davolanish jarayonlarini kuzatib borishmoqda. Shu bilan birga, sohada faoliyat yuritayotgan IT hamshiralar va IT operatorlarning mehnati ham yuqori baholanmoqda.
— Raqamlashtirish jarayonida shifokorlar, hamshiralar, IT hamshiralar va IT operatorlarning hissasi beqiyos. Ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aholiga qulay va shaffof tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi shakllanmoqda. Bu mehnat davlatimiz rahbari tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda, — dedi Ermat Ashurboyev.
Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilgan bu xayr-saxovat tadbiri tibbiy reabilitatsiya olayotgan bolajonlar uchun unutilmas kunga aylandi. Ularga ulashilgan mehr, samimiy so‘zlar va quvonchli lahzalar bayramning haqiqiy mazmunini — inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va g‘amxo‘rlikni yana bir bor namoyon etdi. Zero, bola qalbida paydo bo‘lgan tabassum — har qanday ezgu ishning eng yuksak bahosidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/s1X3aotuKMo" title="Bolajonlarga mehr va e’tibor ulashildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat-video), O‘zA