Bolajonlar velomarafoni
Buxoro shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida an’anaviy VII velomarafon o‘tkazildi.
Velomarafon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.
Tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Velosport federatsiyasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida, YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori ko‘magida o‘tkazildi. Ushbu loyiha har yili mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilib, bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori tomonidan Buxoro viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan 500 ta begovel yetkazib berildi. Bu esa bolalarning jismoniy faolligini oshirish, harakatchanlik va muvozanatni saqlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Velomarafonda ishtirok etish uchun Buxoro shahridagi 10 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidan sog‘lom deb topilgan 6-7 yoshli 100 nafar tarbiyalanuvchi saralab olindi. Shuningdek, musobaqa oldidan hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasining tor mutaxassislari tomonidan bolalar qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Belgilangan dasturga muvofiq, ishtirokchilar maxsus maydonda 300 metrlik masofani begovellarda bosib o‘tdilar. Bolajonlarning faolligi, intilishi va sportga bo‘lgan qiziqishi tadbir ishtirokchilari hamda mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-29809]
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alar va esdalik tuhfalari bilan taqdirlandilar.
Velomarafonning tantanali qismida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori, elchi Antti Karttunenlar ishtirok etib, yosh avlodni sog‘lom va faol hayot tarziga chorlovchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidladi.
Mazkur velomarafon nafaqat sport bayrami, balki ekologik tarbiya, sog‘lom turmush tarzi va bolalarning jismoniy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyiha sifatida ahamiyat kasb etadi. Bunday tadbirlar yosh avlod qalbida tabiatga ehtirom, sog‘lom hayotga intilish va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari