Bola asrab olishning tartiblari qanday?
Xalqimiz azaldan o‘zining bolajonligi, oilaparvarligi bilan ajralib turadi.
Har bir ota-ona o‘zidan zurriyot qoldirish, solih farzandlar o‘stirishni xoxlaydi.
Yosh oilalarimizda 4-5 yildan keyin farzand bo‘lmasa, ular turli yo‘llar bilan farzand asrab olish tashvishiga tushishadi.
Ammo hamma ham bu borada yetarli tushunchaga ega emas, bolani qonuniy asrab olish qoidalarini bilmaydi. Mana shundaylarning qonunni tushunmaganliklaridan keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Farzandini falon pulga sotayotgan ona” kabi sarlavhalarga tez-tez ko‘zimiz tushmoqda. Bu, albatta, farzand asrab olish qonunchiligini bilmaslikning oqibatidir.
Farzandlikni belgilash shartlari va tartibi, bolaning farzandlikka olinishi natijasida yuzaga keladigan huquq va majburiyatlar, uning belgilanishi yoki bekor qilinishi O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan.
Shu bilan birga, bo‘lajak ota-onalar qasddan odam o‘ldirmagan, ruhan sog‘lom, norkologik va psixologik kasalliklarga duchor bo‘lmagan hamda bolaga bosim o‘tkazadigan darajada asab kasalliklarini boshidan o‘tkazmagan bo‘lishi shart.
Bu bosqichlar o‘z yakuniga yetgach, asosiy ishlar boshlanadi.
Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi inobatga olingan holda, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan fuqarolar tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga berilib, tayyorlangan hujjatlar ilova qilinadi.
Qanday bolalarni farzandlikka olish mumkin? Ota- onasi vafot etgan, ota-onasi ota - onalik huquqidan mahrum etilgan, ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ota-onasi bolani tarbiyalash yoki huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgan, ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan, ota-onasi vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan bolalarni farzandlikka olish mumkin.
Bolaning farzandlikka olinishi bilan bog‘liq barcha rasmiylashtirish ishlari bola yashab turgan hududda amalga oshirilishi lozim. Ariza o‘rnatilgan tartibda sud tomonidan o‘rganib chiqilgach, sud ajrim chiqarib, bola yashab turgan hududdagi xalq ta’limi bo‘limiga yuboriladi va ilova qilinayotgan hujjatlarni o‘rganib chiqqan holda bolaning farzandlikka berilishi maqsadga muvofiqligi yoki yo‘qligi haqida xulosa berishni so‘raydi.
Qanday hujjatlar tayyorlanadi? Farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasining nusxasi, er va xotinning yozma roziligi, farzandlikka olinuvchi ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi, ota-onasining vafot etganligi haqida ma’lumotnoma va sudning ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi to‘g‘risidagi qarori, ota-onaning bolaning tarbiyasi va ta’minotidan voz kechganligi haqidagi arizasi va muassasadan bola tashlab ketilganligi haqidagi dalolatnoma, farzandlikka olinayotgan bolaning sog‘ligi holati va jismoniy va ruhiy rivojlanishi to‘g‘risidagi tibbiy xulosasi kabi hujjatlar tayyorlanadi.
Ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa, ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa, ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan, deb topilgan yoki vafot etgan, deb e’lon qilingan bo‘lsa, ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa, bolaning ota-onasi va boshqa yaqinlaridan farzandlikka berilishi bo‘yicha roziligi talab etilmaydi.
Farzandlikka olinganlikning sir saqlanishi qonun tomonidan himoyalanadi. Sir saqlanishni buzgan shaxslar amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikka tortiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan, farzandlikka berish ishi sudda ko‘rib chiqilgach, 20 kundan keyin qonuniy kuchga kiradi va farzandlikka oluvchilar sudning hal qiluv qarorini tegishli FXDYO organiga olib borib, bolaning dastlabki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini yangisiga almashtirib olishadi va shu kundan e’tiboran ular bolaning haqiqiy ota-onasi sifatida barcha huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Nega mamlakatimizda noqonuniy chaqaloqlar savdosi hali ham davom etyapti, degan yana bir savol tug‘ilishi mumkin. Bizningcha, buning eng asosiy sabablaridan biri qonuniy bola asrab olishda hujjatbozliklar va bosqichlarning haddan ortiq ko‘pligidir. Nima bo‘lganda ham jamiyatimizda “bola sotish” kabi illatlarga zamin yaratmasdan, qonuniy tarzda farzand asrab olaylik.Zero, bu bolaning kelajagiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Xursand Xolova,
Toshkent shahridagi 22-Mehribonlik uyi direktorining
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.