Bokschilarimiz yarim finalda
Tailand poytaxti Bangkok shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari munosib ishtirok etmoqda.
Tailand poytaxti Bangkok shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari munosib ishtirok etmoqda.Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashayotgan Hasanboy Do‘smatov chorak finalda yaponiyalik Tomoya Suboiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Kuchli zarba va mustahkam himoyaga ega sportchimiz raqibini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga chiqdi.
Yana bir hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev ham 56 kilogramm vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasidagi chorak final bahslarida vetnamlik Tran Fu Kuongni 3:0 hisobida yengdi. Vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Fazliddin G‘oibnazarov yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan musobaqada hindistonlik Manjo Kumarni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etdi.
Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev kattalar o‘rtasidagi bahslarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. U vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi musobaqaning chorak finalida amaldagi jahon chempioni va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qozog‘istonlik Jonibek Alimxan ulini 2:1 hisobida yengib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida qatnashayotgan Rustam To‘laganov esa hindistonlik Manprit Singxni 3:0 hisobida taslim etdi.
Bugun yana to‘rt nafar bokschimiz – Shahobiddin Zoirov, Elnur Abdurahimov, Elshod Rasulov va Bahodir Jalolov yarim finalga chiqish uchun kuch sinashadi.