Bokschilarimiz sovrindorlar safida
Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida terma jamoamizning uch nafar a’zosi bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida terma jamoamizning uch nafar a’zosi bronza medalni qo‘lga kiritdi.Chempionatning vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Elnur Abduraimov jazoirlik Reda Benbaziz, Yangi Zelandiya vakili Chad Milnes, chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Dorjnyambuu Otgondalayni mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalda kubalik Lazaro Alvaresga imkoniyatni boy berdi va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamizga yana bir bronza medalni Elshod Rasulov keltirdi. Tajribali bokschimiz 81 kilogrammgacha vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida yarim finalgacha bo‘lgan janglarda venesuelalik Albert Ramires, turkiyalik Jem Karlidag va qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetovni yengdi.
Vazni 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashgan Bahodir Jalolov jazoirlik Muhammad Grimes, kubalik Lene Perot va iordaniyalik Husayn Eshaysh Yashayshni mag‘lub etib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Jahon chempionatining final bahslarida uch nafar bokschimiz – Murodjon Ahmadaliyev, Fazliddin G‘oyibnazarov va Bektemir Meliqo‘ziyev g‘oliblik uchun ringga chiqadi.
Hal qiluvchi bahslarda Kubadan oltita, O‘zbekiston va Rossiyadan uch nafardan, Qozog‘iston, Irlandiya va Ozarbayjondan ikkitadan, Marokash va Fransiyadan bir nafardan bokschi ishtirok etadi.