Boks: Quvayt turnirida hamyurtlarimiz g‘olib bo‘ldi
Xabar berganimizdek, Quvaytda bundan bir hafta muqaddam boshlangan “1-Quvayt xalqaro boks turniri” kecha o‘z yakuniga yetdi.
Kecha, 25 iyul kuni musobaqaning so‘nggi kunida barcha vaznlarda final janglari tashkil etildi.

Al-Quvayt shahrida kechgan murosasiz janglarda hamyurtlarimiz munosib natijalarni qayd etdi.
51 kilogramm vaznda eronlik Mustafa Rigi bilan ro‘baro‘ kelgan hamyurtimiz Abdumajid Mannopov g‘olib chiqqan bo‘lsa, 57 kg.da Abdumalik Xalakov tailandlik Saravut Suktetni mag‘lub etdi. 71 kg.da Javlonbek Yo‘ldoshev yana bir tailandlik Sittxisak Chumkumar, 80 kg.da Dilshodbek Ro‘zmetov qirg‘izistonlik Erkin Adilbek Ulu hamda 92 kg.da harakatlangan Diyorbek O‘ralov ukrainalik Mikita Gorbatenkodan ustun kelib, xalqaro turnir oltin medallariga musharraf bo‘ldi.

Shu o‘rinda aytish joiz, arab diyorida o‘tkazilgan xalqaro turnirda bokschilar 7 ta vazn toifasida bellashdi. Musobaqaning 7 ta oltin medalidan 5 tasi va 1 ta bronzasi "O‘zbek yo‘lbarslari"ga tegishli bo‘lganligi muxlis-u mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.
Dunyoning 20 ga yaqin mamlakat terma jamoalari qatnashgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Quvaytdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan terma jamoamiz a’zolari bugun, 26 iyul kuni Toshkentga qaytib keladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA