Boks: Hasanboy Do‘smatov va Iqboljon Xoldorov ilmiy tadqiqot markazida
Bugungi kunda sport biomexanikasi, sun’iy intellekt va raqamli harakat tahlillarini o‘zaro integratsiyalash zamonaviy sport tayyorgarligining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilishi ortidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti laboratoriyasida bokschilarning texnik harakatlarini kinematik modellashtirishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ilmiy tadqiqotlarning navbatdagi bosqichida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari, 2016, 2024-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon va Osiyo chempioni Hasanboy Do‘smatov hamda yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Iqboljon Xoldorov ishtirok etdi.
Tadqiqotlar jarayonida zamonaviy ilmiy o‘lchov uskunalari majmuasidan foydalangan holda sportchilarning texnik harakatlari uch o‘lchovli formatda tahlil qilindi.

Shuningdek, tegishli qurilmalar yordamida reaksiya tezligi va koordinatsiya ko‘rsatkichlari, mushak kuchi, yog‘ va mushak massasi hamda suv balansi baholandi.
Tadqiqot davomida bokschilarning zarba berish mexanikasi, harakat koordinatsiyasi, muvozanat, tezkorlik hamda tana segmentlari o‘rtasidagi funksional bog‘liqliklar biomexanik va kinematik jihatdan o‘rganildi.

Olingan natijalar asosida sportchilarning individual texnik modellari ishlab chiqilib, zarba texnikasi samaradorligini oshirish hamda jarohatlanish xavfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Mazkur ilmiy-amaliy ishlar natijasida sportchilarning texnik-taktik tayyorgarligini takomillashtirish, xalqaro musobaqalardagi natijadorligini oshirish hamda O‘zbekistonda sport biomexanikasi yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqish nazarda tutilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA