Boks: Chempionat yangi nomlarni kashf etdi
Bir xafta mobaynida boks bo‘yicha davom etgan O‘zbekiston chempionatini kuzatish asnosida mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, joylardagi murabbiylarning mehnati evaziga yuzlab iqtidorli sportchilar kamolga yetayotganligi yanada oydinlashdi.
Ahamiyatlisi, Vatanimizning sport, xususan boks salohiyatini jahon ringlarida namoyish etgan Rufat Risqiyev, olimpiya o‘yinlarining birinchi chempioni Muhammadqodir Abdullayev, dunyo ringlarini o‘z vaqtida larzaga keltirgan Artur Grigoryan, Dilshod Yorbekov, Narimon Atayev, Ruslan Chagayev, O‘tkirbek Xaydarov, To‘lqinboy Turg‘unov va bugun jahon boks olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Xasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolov, Murojdon Ahmadaliyev kabi o‘nlab chempionlarini kashf etgan O‘zbekiston chempionati yangi iste’dodlarni, yurtimiz boksining ertangi yetakchilarini aniqladi.

Kecha, 14 dekabr kuni o‘z nihoyasiga yetgan musobaqalarning final janglari, har bir vazndagi saralash musobaqalari qaysi adolat mezonlari va halollik tamoyili asosida o‘tganligini mutaxassislar muhokamasiga qoldirgan holda aytish lozimki, 13 ta vazndagi final janglari dunyo birinchiliklaridagidek, texnik va taktik jihatdan ham, bahslarni boshqarish holatida ham risoladagidek o‘tkazildi.

Boisi, ma’lum. Chempionat musobaqalarini boshqarib borgan xorijlik hakamlar tili bilan aytganda chempionat ringidagi har bir uchrashuv dunyo yetakchiligi uchun o‘tgan jangdek shiddatkor kechdi.
Chempionatning final janglari asnosida o‘nlab talantlar kashf etildi. Milliy terma jamoamizga munosib nomzodlarni aniqlab bergan ushbu musobaqaga qiziqish har qachongidan yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi janglarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida ushbu musobaqaga xorijdan 8 nafar AIBA tasnifidagi hakamlarni jalb qildi.
E’tiborli jihati, chempionatning final janglarida Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari hamda Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionati ishtirokchilari final janglarida imkoniyatni boy berishdi. Bungacha ham bir qator nomdor bokschilarimiz mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishgan edi.
Final uchrashuvlarining barchasi murosasiz o‘tganligini ta’kidlab aytish lozimki, kutilganidek 71 kilogramm vaznda jahon chempionati sovridori, olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Bobousmon Boturov bilan qashqadaryolik yosh sportchi Azizbek Tojiyev hamda 80 kilogrammda Dilshodbek Ro‘zmetov va Odiljon Aslanov jangi o‘tkazilgan finallar orasida alohida ajralib turdi.
Ayniqsa, Azizbek Tojiyev tajribali Boturovdan chempionlikni tortib olishi, 3 raund davomida ham yosh bo‘lishiga qaramasdan hujumkor boks namoyish qilganligi ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Mazkur uchrashuvning yana bir e’tiborli jihati, Tojiyev timsolida bir paytlari O‘zbekiston chempionatida bor-yo‘qligi bilinmagan Qashqadaryo boksi 2021 yildan e’tiboran yuksalish pillapoyasiga ko‘tarilganligini ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda, 2021 yil mobaynida Qashqadaryo boksida katta ishlar amalga oshirilganligini ta’kidlamoq lozim. Viloyat boksi rahbarligiga va murabbiylar kengashiga yangi, ishchan kadrlar tayinlanganligi natijasida ish tizimi jonlandi. Yosh va iqtidorli bokschilarni saralash tizimi yaratildi. Murabbiylarning boshi biriktirildi. Qarshi shahrida yangi boks majmuasi foydalanishga topshirildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida Azizbek Tojiyev kabi iste’dodlar bo‘y ko‘rsata boshladi.
Chempionatda 80 kg. og‘irlikda Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchisi Odiljon Aslanov jahon chempionati sovrindori va olimpiya o‘yinlari qatnashchisi Dilshodbek Ro‘zmetovga raqibni mensimaslik qanchalik yomon oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi va haqiqiy ma’noda “saboq” berdi.
Final janglarida shuningdek, Asilbek Jalilov (48), Mironshox Ibragimov (51), Dilshod Abduvaliyev (54), Shunqor Abdurasulov (57), Xurshidbek Rasuljonov (60), Ruslan Abdullayev (63,5), Javlonbek Yo‘ldoshev (67), Saidjamshid Jafarov (75), Timur Mirjanov (86), Jamshid Abdullayev (92) va Jahongir Zokirov (+92) O‘zbekiston chempionligiga erishdi.
Musobaqalar davomida an’anaga binoan, chempionatning eng yaxshi bokschisiga Rufat Risqiyev kubogi topshirildi. Ma’lumki, ikki yil muqaddam ushbu kubokka yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Abdumalik Xalakov, o‘tgan yili jahon chempioni, olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Mirazizbek Mirzaxalilov sazovor bo‘lgan edi.
Bu safar chempionat mobaynidagi ajoyib janglari hamda texnik va taktik usullari bilan o‘z iqtidorini namoyish qilgan Toshkent viloyati vakili Ruslan Abdullayev haqli ravishda Rufat Risqiyev kubogi sohibiga aylandi.
Mamlakkat chempionligiga erishgan yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova O‘zbekiston chempionatining ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi bokschisi deb topildi.
Chempionatning g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA muxbiri