Bojxonada yangi davr: tadbirkor uchun yengillik, biznes uchun erkinlik
Bojxonada inson omilini kamaytirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish — bugungi iqtisodiy islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Zero, tashqi savdo operatsiyasida sarflangan har bir ortiqcha daqiqa, to‘ldirilgan har bir ortiqcha hujjat yoki aylanma mablag‘larning asossiz ravishda band qilinishi tadbirkor uchun qo‘shimcha xarajat va vaqt yo‘qotishidir. Shu ma’noda, bojxona tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar oddiy ma’muriy o‘zgarish emas, balki biznes yuritish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim qadamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar doirasida bojxona sohasini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 27-avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Mazkur hujjat bojxona ma’murchiligini tubdan takomillashtirish, tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, tadbirkorlar va fuqarolar uchun ma’muriy yuklamani kamaytirishga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida ushbu farmonning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda ta’kidlanganidek, yangi yondashuvning bosh maqsadi — bojxonada ish yuritishni murakkablashtirish emas, aksincha, uni inson uchun sodda, biznes uchun qulay, davlat uchun samarali tizimga aylantirishdir.

Ayniqsa, bojxona ma’murchiligiga sun’iy intellekt va ilg‘or axborot texnologiyalarining keng joriy etilishi sohada katta o‘zgarishlarning poydevorini yaratadi. Bu orqali inson omili minimallashtirilib, qaror qabul qilish jarayonlari yanada aniq va shaffof tus oladi.
Ya’ni, kelgusida tadbirkorning bojxonadagi ortiqcha kutishlari, bir hujjatdan ikkinchi hujjatga yo‘naltirilishi yoki sub’ektiv yondashuvlarga duch kelish ehtimoli sezilarli darajada kamayadi. Raqamlashtirish esa xizmatlarni tezlashtirib, vaqt va xarajatni tejash imkonini beradi.
Bu — bojxona tizimida “insondan hujjat talab qilish”dan “tizimning o‘zi ma’lumotni aniqlash” ga o‘tish sari tashlangan muhim qadamdir.
Farmonda nazarda tutilgan eng muhim qulayliklarning bir qismi 2026-yil 1-sentabrdan boshlab amaliyotga tatbiq etildi. Xususan, ayrim import va eksport operatsiyalarida tadbirkorlarning moliyaviy resurslarini vaqtincha band qilib qo‘yuvchi avans to‘lovlari hamda kafolatlar bilan bog‘liq ayrim talablarning bekor qilinishi biznes uchun sezilarli yengillik yaratadi.
Bu nimani anglatadi? Eng avvalo, tadbirkor o‘z aylanma mablag‘laridan yanada erkin foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo xarid qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish yoki boshqa loyihalarga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘larning ortiqcha ma’muriy jarayonlarda band bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, import jarayonida talab etiladigan ayrim ortiqcha hujjatlarning qisqartirilishi tadbirkor uchun yana bir muhim qulaylikdir.
Bugun biznes vakillari uchun vaqt — shunchaki resurs emas, balki iqtisodiy qiymat. Bir necha soat yoki bir necha kunlik tejam ham ayrim hollarda shartnoma muddati, mahsulot yetkazib berish tezligi va korxonaning moliyaviy natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois, qog‘ozbozlikning qisqarishi — oddiy texnik yengillik emas. Bu tadbirkorlik muhitini yaxshilaydigan iqtisodiy omildir.

Farmon bilan belgilangan yangiliklar bu bilan cheklanmaydi. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab belgilangan mezonlarga javob beradigan halol tadbirkorlarga importda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i — QQS summalarini o‘zaro hisobga olish mexanizmi taqdim etiladi. Bundan tashqari, eksport operatsiyalaridagi ayrim yig‘imlar miqdori 30 foizga arzonlashtiriladi. Bu imtiyozlarning ahamiyatini raqamlardan ko‘ra, ularning biznesga ta’siri orqali anglash osonroq.
Tadbirkorning xarajati qancha kamaysa, uning raqobatbardoshligi shuncha ortadi. Eksportchi uchun qo‘shimcha moliyaviy yengillik esa mahsulotni tashqi bozorda yanada jozibador narxda taklif qilish imkonini beradi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchining tashqi bozorlarga chiqishi rag‘batlanadi, eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi, ishlab chiqarish zanjiri kengayadi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun zamin mustahkamlanadi. Demak, bojxonadagi bir qarashda kichikdek tuyulgan ma’muriy yengillik ortida korxonaning rivoji, yangi investitsiya, yangi ish o‘rni va yangi eksport shartnomasi turishi mumkin.
Farmonning yana bir muhim jihati — tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ishonchga asoslangan yondashuvni kuchaytirishdir. Halol ishlaydigan, qonun talablariga rioya qiladigan tadbirkorni ortiqcha ma’muriy jarayonlar bilan band qilish o‘rniga, unga qulay sharoit yaratish — zamonaviy davlat boshqaruvining muhim belgisidir.

Bu yerda asosiy tamoyil aniq: qonunga rioya qilgan tadbirkor qancha ko‘p bo‘lsa, davlat bilan biznes o‘rtasidagi ishonch ham shuncha mustahkam bo‘ladi. Shu jihatdan farmon nafaqat bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish, balki davlat va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Seminarda bojxona boshqarmasi xodimlariga farmonda belgilangan har bir imkoniyat va qulaylikni amaliyotga to‘liq tatbiq etish, tadbirkorlar va fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Zero, har qanday islohotning haqiqiy qiymati qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, u inson hayotini qanchalik yengillashtirgani bilan o‘lchanadi. Farmonning mohiyati ham ana shunda. Tadbirkor uchun ortiqcha hujjat kamayadi. Aylanma mablag‘lar erkinlashadi. Bojxona jarayonlari tezlashadi. Eksport qilish arzonlashadi. Raqamli texnologiyalar inson omilini qisqartiradi. Eng muhimi, davlat va biznes o‘rtasidagi ishonch yanada mustahkamlanadi.
Bularning barchasi bir maqsadga — O‘zbekistonda tadbirkorlik qilish, ishlab chiqarish, eksport qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri