Bojxonachilarni chalg‘itishga urinib ko‘rdi
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirib, o‘zlari bilan olib kirilgan naqd valyuta mablag‘larini qayd etishi shart. Ushbu mablag‘lar mamlakat hududida belgilangan tartibda foydalanilganidan so‘ng, qoldiq qismini qonuniy ravishda olib chiqish imkoniyati mavjud.
Mazkur talablar amalda bo‘lishiga qaramay, ularni chetlab o‘tishga urinish holatlari hamon uchrab turibdi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi bojxona nazorati xodimlari tomonidan shubhali harakatlari sababli to‘xtatib qolingan.
Tezkor tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs o‘z tasarrufidagi 24,5 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyutani chegaradan noqonuniy olib chiqish maqsadida oldindan rejalashtirilgan sxemani qo‘llagan. U mablag‘larni yagona holda ko‘rsatmaslik uchun ularni o‘z yon-atrofidagi uch nafar yo‘lovchiga qisman taqsimlab bergan hamda ushbu mablag‘larni ular nomiga tegishli deb ko‘rsatish orqali bojxona nazoratini chalg‘itishga uringan.
Bojxona nazorati xodimlarining tezkor va kasbiy hushyorliklari natijasida ushbu qonunbuzarlik o‘z vaqtida aniqlandi hamda noqonuniy urinishga chek qo‘yildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday holatlar chegaradagi bojxona nazoratni chetlab o‘tishga urinish sifatida baholanib, amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri