Bojxonachilar “Ajdodlar izidan”da g‘olib bo‘ldi
Sirdaryo viloyatidagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibida xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasida yurtimiz tarixi, boy ma’naviy merosi hamda buyuk ajdodlarimizning millat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganishga qaratilgan “Ajdodlar izidan” intellektual tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etish bilan bir qatorda, tarixiy merosga oid savollarga javob berish, tahliliy fikrlash va mantiqiy yondashuv ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Har bir bahs-munozara davomida davlat boshqaruvi, adolat, harbiy intizom, vatanparvarlik va yoshlar tarbiyasi kabi muhim g‘oyalar atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar nafaqat tarixiy bilimlarini namoyon etdi, balki o‘z fikrlarini ifodalash, dalil asosida bahs yuritish va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini ham namoyon etdilar. Bundan tashqari, tanlov jarayonida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy salohiyatni rivojlantirish va mamlakatimiz tarixi bilan chuqur tanishishga katta e’tibor qaratildi.
[gallery-28604]
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi jamoasi yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib va faol ishtirokchilar tadbir yakunida diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA