Bojxona to‘lovlaridan qochishga urinish fosh etildi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xorijdan olib kelingan “lentali konveyer” tovarlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Ko‘rik jarayonida mazkur yuklar tayyor mahsulot sifatida rasmiylashtirilayotgani bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi va tovarlar qo‘shimcha tekshiruvga yo‘naltirildi.

Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, mazkur tovarlar aslida tayyor mahsulot emas, balki ehtiyot qismlar ekani aniqlandi. Bu esa tovarlarni noto‘g‘ri deklaratsiya qilish orqali bojxona to‘lovlarini kamaytirishga urinish bo‘lganini ko‘rsatadi.

Aniqlanishicha, yuk egalari shu yo‘l bilan qariyb 80 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlaridan qochishga harakat qilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan umumiy qiymati 684 million so‘mlik tovarlar vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini tovarlarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA