Bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Bojxona to‘lovlari davlat byudjeti daromadlarining muhim manbalaridan biri sifatida davlatning iqtisodiy xavfsizligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Qonunchilikda belgilangan bojxona to‘lovlarini to‘lash tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining majburiyati hisoblanadi.
Afsuski, amaliyotda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Bojxona to‘lovlaridan qochish holatlari esa sohada sog‘lom raqobatga putur yetkazish barobarida davlat byudjetiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, bojxona bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda bojxona sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda jinoyat ishlarini tezkor va samarali ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha kuni kecha parlament quyi palatasida qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan katta miqdorda yoki bir necha marotaba bojxona bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda. Bu bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish, jinoyat-protsessual qonunchilikni zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bojxona deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Inson omilisiz rasmiylashtirish hajmi 19 foizga yetkazilib, 30 mingdan ortiq tadbirkorlarning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalishiga erishildi. Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash yo‘nalishida bojxona to‘lovlaridan yillik tushumlar hajmi 80 trillion so‘m etib belgilab olingan.
Bojxona organlarining yana bir muhim faoliyat yo‘nalishi bu — tashqi savdo tovarlarini chegara postlari orqali noqonuniy olib o‘tishga qarshi kurashish hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda o‘tgan 3 yilda 94 mingdan ortiq huquqbuzarliklar aniqlanib, 3 trillion so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasi oldi olingan. 12 tonna giyohvandlik vositalari, 1,5 tonna psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ushlab qolingan. Ushbu huquqbuzarliklarga nisbatan 3 ming 88 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Endilikda bojxona bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi bojxona sohasida to‘liq shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA