Bojxona: noqonuniy urinishlar fosh etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan chegara bojxona postlarida madaniy meros va qadimiy buyumlarni noqonuniy olib chiqilishining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Jumladan, “Nukus-aeroport” chegara bojxona postida “Nukus –Olma-ota” yo‘nalishidagi aviaqatnov orqali Qozog‘iston Respublikasiga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l yuklari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida yo‘lovchi tomonidan bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 3 dona qadimiy zargarlik buyumi: 1 dona kulonli zanjir taqinchoq va 2 dona bilaguzukni hech qanday tegishli hujjatlarsiz olib chiqishga uringanligi aniqlandi.
Shuningdek, “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postida “Toshkent – Volgograd” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi nazoratdan o‘tkazilganda, vagon yo‘lovchilaridan birining yonida 1918– 1995-yillarga oid bo‘lgan 25 turdagi jami 35 dona madaniy buyum borligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur buyumlarni Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib chiqishga urinish bojxona xodimlari tomonidan o‘z vaqtida to‘xtatib qolindi.
Eslatib o‘tamiz, tarixiy va madaniy ahamiyatga ega buyumlarni xorijga olib chiqish qonunchilik asosida tegishli ruxsatnoma hamda hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Aks holda, bunday holatlar qonuniy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.