Bojxona institutida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi
Konferensiya “Bojxona tadqiqotlari – 2026: xavfsizlik va tezkorlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash – yanada himoyalangan va farovon global savdo muhitini yaratish yo‘li” mavzusida bo‘ldi.
30-31-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyaning ochilishida Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Turkmaniston va Tojikiston davlatlarining sohaviy ta’lim muassasalari va elchixonalari delegatsiyalari ishtirok etdi.

– Bugungi kunda xalqaro savdoda xavfsizlikni ta’minlash, tovarlar harakatining erkinligi va qonuniyligini kafolatlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish har bir davlat oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir, – dedi Bojxona qo‘mitasi Raisi. – Bunda esa o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bilim-tajriba almashish muhim ahamiyatga ega.

Anjuman davomida bojxona tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, tovarlarning chiqarib yuborilgandan keyingi nazoratini kuchaytirish hamda soliq-bojxona siyosatining o‘zaro integratsiyasi kabi masalalarda so‘z bordi.

Shuningdek, xalqaro konferensiyada sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish, ularning samarali yechimlarini birgalikda izlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va kelgusidagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqish, o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish rejalashtirilgan.
M.Komilova, O‘zA