Bobur shahri chiroy ochmoqda
Andijon tumani adirliklarida 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘lgan turar joy massivini qurish loyihasi jadal suratda amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning Yangi Andijon shahri deb nomlangan ushbu massivni Bobur shahri deb atash taklifi keng jamoatchilik, butun andijonliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayni kunda Bobur shahrini barpo etish borasidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Rejaga ko‘ra, umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 439 gektar maydonida 2 mingta ko‘p qavatli turar-joy, savdo maskanlari qad rostlaydi. Shuningdek, 223 gektarda xizmat ko‘rsatish, 1 ming 820 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 499 gektar maydon yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.

“Bobur shahri” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Hozirga qadar shaharda 5, 7 va 9 qavatli, 3,9 ming xonadondan iborat 130 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 680 o‘rinli umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi, “Vatanparvar bog‘i”, “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, suv saqlash va uzatish inshooti, qator ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Jumladan, 19 gektar maydonda barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga 12 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, kafeteriylar, bolalar o‘yingohi, dekorativ piyodalar yo‘laklari, sug‘orish, yoritish tizimlariga, avtoturargoh va boshqa kichik arxitektura inshootlariga ega bo‘lgan ushbu bog‘ Bobur shahrining ko‘rki bo‘ladi.
Mazkur boqqa Zahiriddin Muhammad Boburning ulkan haykalini o‘rnatish rejalashtirilgan.

– Bobur shahridagi go‘zal manzarani ko‘rib, ko‘z quvnaydi, – deydi Bobur shahrida yashovchi Nargiza Jumaniyozova. – Qolaversa, bu yerda yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ochig‘i, keyingi yillarda yurtimizdagi, viloyatimizdagi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan aqlim shoshib qolmoqda. Har qadamda o‘zgarish, yangi qurilish. Qisqa muddatda barpo etilayotgan bir-biridan chiroyli binolarni ko‘rib, shukr qilaman. Kundan-kunga obod bo‘layotgan yurtimizga ko‘z tegmasin.
Shu yil yoz oyida Bobur shahrida umumiy qiymati 20 milliard so‘mga teng bo‘lgan loyiha doirasida 1 ming 300 o‘rinli zamonaviy “Amfiteatr” yangidan barpo etildi.

Bugungi kunda “Bobur” shahrini yanada kengaytirish maqsadida, 312 gektar maydonda 2-bosqich qurilish ishlarining “Bosh rejasi” ishlab chiqildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri