Bobolarimiz jasorati bizni faxrlantiradi
Prezidentimizning tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida poytaxtimizda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi barpo etildi.
Ayni paytda “G‘alaba bog‘i”da Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini ilmiy asosda o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu yodgorlik majmualariga tashriflar yoshlarni yuksak ma’naviy-ma’rifiy hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlari ushbu “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
Bog‘ning ilmiy xodimlari tomonidan ishtirokchilarga “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari yodgorlik majmualarining barpo etilishi, shuningdek, tarixiy ahamiyati to‘g‘risida so‘zlab berildi.
Kursantlar bog‘da urush davridagi manzaralar, jumladan, blendajlar, pulemyotlar, fashistlarning tanklari, mototsikldagi holatlari, urush vayrongarchiliklari va unda xalqimizning ko‘rsatgan qahramonliklari to‘liq ifoda etilganligini ko‘rib, ajdodlarimiz g‘alabasidan yana bir bor g‘ururlandilar.