“Bobolar izidan” jurnalining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Bobolar izidan” jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva "Bobolar izidan" jurnalining ushbu loyihasi xalqimizning tarixi, ilm-fani va adabiyotini keng qamrovli o‘rganish uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.
–Ayni paytda kutubxona jamoasi ham bu xayrli yo‘lda jurnal ijodkorlariga yaqindan ko‘mak berishga tayyor, – dedi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva. – Bu esa ushbu jurnallarning xalqaro elektron resurslar bazalariga kirishi va bu orqali shubhasiz jahon olimlari e’tiboriga tushishi aniq.

Tadbirda jurnal ijodkorlari bobokalonlarimiz hayoti, Turk xoqonligining ma’naviy-ma’rifiy hayotini o‘rganishga bag‘ishlangan Oltoy va Ozarbayjonga qilgan ekspeditsiyalari davomida to‘plangan ilmiy kuzatuvlar, tahlillar, safar taassurotlari, maqolalar, she’rlar va fotomateriallar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur taassurotlar asosida tayyorlangan kitob-albomlar ekspeditsiya natijalari sifatida keng jamoatchilikka takdim etilmoqda.
Ekspeditsiya a’zolari Rossiyaning Oltoy va Xakasiya hududlariga, Qozog‘istonning Chimkent, Taraz, Olmaota, Semey shaharlariga, Ozarbayjonning Boku, Shaki, Ag‘dash va Ganja shaharlariga borib, qadimiy turkiy merosni o‘rganish bo‘yicha ilmiy va ijodiy izlanishlar olib borishgani haqida batafsil gapirdi.

Ilm ahli bilan ilmiy va madaniy muassasalarda o‘tkazilgan uchrashuvlar, tarixiy maskanlarga ziyoratlar, xalqaro ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar va madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasida adabiy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xmzmat qilishi ta’kidlandi.
Madaniy dastur doirasida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining “Go‘zal navo” ansambli tomonidan qo‘shiqlar yangradi hamda shoir va san’atkorlar ijrosida she’rlar o‘qildi.
N.Usmonova, O‘zA