Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
Namangan tumanida o‘tkazilgan navbatdagi mehnat yarmarkasida 80 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasa 455 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Namangan tumanida o‘tkazilgan navbatdagi mehnat yarmarkasida 80 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasa 455 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.Tuman hokimligi, tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari tomonidan mehnat qonunchiligiga oid beriladigan imtiyoz va kafolatlar, bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish kabi masalalar yuzasidan huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi.
– Yarmarkada ish beruvchilar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda rejalashtirilayotgan yangi loyihalar va yaratilishi ko‘zda tutilayotgan ish o‘rinlari haqida ko‘rgazmali vositalar orqali batafsil ma’lumot berildi, – deydi tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori Dilshod Mirzayev. – 115 nafar fuqaro o‘z mutaxassisligi, qiziqish va qobiliyatiga ko‘ra tanlagan korxona va tashkilotlarga doimiy ishlash uchun yo‘llanma oldi. Ularning 45 nafari kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir. Joriy yilda mutaxassislik diplomini oladigan 129 bitiruvchi bilan ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzildi.
– O‘tgan yili Namangan tibbiyot kollejini bitirgan edim, – deydi Mehribon Rahimjonova. – Yarmarkada tuman tibbiyot birlashmasida ishlash uchun yo‘llanma oldim. Kollejda olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llab, aholi salomatligi yo‘lidagi ezgu ishlarga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman.