BNQIZda yangi mahsulot ishlab chiqildi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari hamkorlikda “Yevro – 4” va “Yevro – 5” sinfidagi “SSDF” markali yangi turdagi ya’ni yarim sintetik dizel yoqilg‘isini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan qator tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlandi.
“TS¬-16472899-044” xalqaro standarti talablariga muvofiq yangi turdagi mahsulotni tayyorlash uchun “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan “GTL” sintetik dizel yoqilg‘isi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining an’anaviy dizel yoqilg‘isi bilan aralashtirildi. Bunda, “SSDF” dizel yoqilg‘isi an’anaviy yoqilg‘iga sintetik komponentning 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorini qo‘shish orqali ishlab chiqariladi. Yangi mahsulotni ishlab chiqarishga tatbiq qilish uchun albatta muvofiqlik sertifikati zarur. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “DT Yevro-L-II-K4-SSDF” hamda “DT Yevro-L-II-K5-SSDF” markali dizel yoqilg‘isini seriyali ishlab chiqarish bo‘yicha ana shunday hujjatga ham ega bo‘lgan. Xo‘sh, yangi turdagi mazkur mahsulot an’anaviy dizel yoqilg‘isidan qaysi jihatlariga ko‘ra ustun?

Aytish mumkinki, bu yoqilg‘i qator afzalliklarga ega. Avvalo, yangi mahsulot yaxshilangan setan soni va indeksi ko‘rsatkichlari, shuningdek, politsiklik aromatik uglevodorodlar miqdori bilan ajralib turadi. Yuqorida keltirilgan xususiyatlari dizel yoqilg‘isining ekspluatatsion va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi. Yoqilg‘i tarkibidagi politsiklik aromatik uglevodorodlar miqdorining kamayishi natijasida chiqindi gazlari tarkibidagi zararli moddalarning atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’siri kamayadi. Ahamiyatli jihati, mamlakatimizda ushbu turdagi neft mahsulotining ishlab chiqarilishi natijasida ichki va tashqi bozorga ekologik toza, yuqori sifatli dizel yoqilg‘isini yetkazib berish, shuningdek, xorijiy valyutani tejash hamda importni qisqartirish imkoniyati yuzaga kelmoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida olib borilayotgan izlanish samarasida mahsulot assortimenti boyib bormoqda. Bugunga kelib yirik korxona iste’molchilarga 16 turdagi dizel yoqilg‘isi-aviakerosin, avtomobil benzinlari, qolaversa, boshqa muhim xom ashyo mahsulotini yetkazib bermoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida so‘nggi yillarda yuqori oktanli benzin, shuningdek, ekologik toza “EKO” rusumli dizel yonilg‘isi hamda havo laynerlari uchun zamonaviy aviatsiya yonilg‘isi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga erishilganligi sohada talab va ehtiyojni qoplashga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yil boshida “Yevro-4” rusumli ekologik toifadagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishining yo‘lga qo‘yilganligi ham navbatdagi yutuqlardan. Umuman, chorak asrlik tarixiga ega zavod faoliyati davomida qariyb 50 million tonnaga yaqin xomashyo qayta ishlangani, bunda ishlab chiqarish inshooti quvvatlari yil sayin oshirib borilayotgani neft-gaz tarmog‘ida olib borilayotgan islohotlar samarasidan.
Zarif Komilov,
O‘zA