"Bizning meros" turkumidagi shaxsiy ko‘rgazma
Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston xalq rassomi Nadejda Kashina (1896–1977) tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan "Bizning meros" turkumidagi shaxsiy ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston tasviriy san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli rassomning boy ijodiy merosini keng jamoatchilikka taqdim etish, uning san’atdagi o‘rni va ijodiy faoliyatini yana bir bor yod etish maqsadida tashkil etildi.


Nadejda Kashina milliy rangtasvir maktabining shakllanishida muhim o‘rin tutgan san’atkorlardan biri hisoblanadi. Uning ijodi O‘zbekiston tabiati, xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va milliy qadriyatlariga bo‘lgan samimiy muhabbat bilan sug‘orilgan bo‘lib, bu jihatlar rassomning ko‘plab asarlarida yorqin aks etgan.

Ko‘rgazmadan rassomning rangtasvir va grafika yo‘nalishida yaratilgan 50 ta asari o‘rin oldi. Asarlarning asosiy qismi rassomning turmush o‘rtog‘i Gennadiy Gerasimov tomonidan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondiga tuhfa qilingan bo‘lib, ekspozitsiyaga qo‘yilgan ijod namunalari asosan XX asrning 1940-yillaridan keyingi davrga mansub. Ayrim akvarel etyudlari esa undan avvalgi yillarda yaratilgan.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Nadejda Kashinaning o‘zbek tasviriy san’ati rivojidagi beqiyos xizmatlari, uning serqirra ijodi bugungi kunda ham yosh rassomlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA