Biz sportni sevamiz
Andijon viloyati Marhamat tumanida «Salomatlik oyligi»ga bag‘ishlanib “Biz – sportni sevamiz” shiori ostida voleybol va stol tennisi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan voleybol va stol tennisi musobaqalarida yoshlar faol ishtirok etdi.

Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabi majmuasida o‘tkazilgan Bolalar va o‘smirlar sport maktablari jamoalari o‘rtasida 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasining 1- bosqich viloyat saralash turnirida 11 ta tuman va shahar jamoasi ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Barcha raqiblaridan ustun kelgan Marhamat, Buloqboshi tumanlari bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda Andijon olimpiya zaxiralari kolleji jamoalari birinchi saralash bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mazkur viloyat musobaqasining g‘oliblari ikkinchi va uchinchi saralash bosqichidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Marhamat agrotexnologiyalar texnikumi sport zalida esa bolalar va o‘smirlar sport maktablarida tahsil olayotgan 2004 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan viloyat birinchiligi ham keskin kurashlarga boy bo‘ldi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Andijon olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilari Dilyor Tojimuhammadjonov hamda Mohira Abdullayevalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA