Biz siz bilan birgamiz!
Mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi.
Ana shunday ezgu an’analarimizni davom ettirgan holda, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Majidov boshchiligidagi Ijtimoiy fanlar va Jurnalistika fakultetlari mutaxassilari imkoniyati cheklangan bolalar holidan xabar oldi.
Nogironligi bor fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ular ko‘ngliga quvonch olib kirish maqsadida tashrif buyurilgan Chirchiq shahar Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli yordamchi maktab o‘quvchilari ko‘ngli shod bo‘ldi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I.Majidov imkoniyati cheklangan bolalar bilan dildan suhbat qurib, ularning o‘y-hayollari bilan o‘rtoqlashdi. Imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuv jarayonini takomillashtirish, ularga psixologik yondashuvning yangi metodlarini ishlab chiqish, analizatorlar, tayanch-harakat tizimi, ularning kognitiv faoliyatining buzilishi va buzilgan fazilatlarni yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha ta’lim mazmunini rivojlantirish ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga doir vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, maktabda mavjud sharoit va imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. So‘ng, tarbiyalanuvchi mehrga muhtoj qalbli o‘quvchilar o‘zlarining iste’dodlarini ko‘rsatish maqsadida kichik badiiy chiqishlarini namoyish etdilar. Bolalarning yuziga kulgu hamda ko‘ngliga quvonch olib kirish maqsadida esdalik sovg‘alar ulashildi. Ularning minnatdor nigohlari barchaning ko‘ngliga xush kayfiyat va xursandchilik ulashdi.
Biz bilan bir safda mehnat qilayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini qadrlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, biz bilan teng huquqliligini unutmasligimiz, qadr-qimmatini himoya qilishimiz darkor. Zero, inson borki, mehrga, e’tiborga ehtiyoj sezadi. Kimningdir ko‘nglini ko‘tarish, holidan xabar olish asl insoniylikdandir.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA