Biz korrupsiyaga qarshimiz!
Korrupsiya jamiyat hayoti uchun tahdid soluvchi salbiy omil ekanini bilamiz. Shu sababli, davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga jiddiy choralar koʻrilmoqda.
Korrupsiya jamiyat hayoti uchun tahdid soluvchi salbiy omil ekanini bilamiz. Shu sababli, davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga jiddiy choralar koʻrilmoqda.
Mamlakatimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” tadbirlarining tashkil etilishi shunday ishlar davomidir.
Yaqinda “Oʻzenergoinspeksiya” Surxondaryo hududiy boʻlimida Surxondaryo viloyat Adliya boshqarmasi “Huquqiy targʻibot va maʼrifat” boʻlimi yetakchi maslahatchisi Qorjov Choriyev ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Qorjov Choriyev oʻz soʻzi davomida yigʻilish qatnashchilarining huquqiy ongini oshirilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari yuzasidan tushuntirishlar berib oʻtdi.
- Hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora koʻp qoʻllanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir,- dedi u. - Korrupsiya albatta bugun paydo boʻlgan illat emas, u qadimdan buyon mavjud boʻlib kelmoqda. Binobarin, mazkur hodisaga qarshi kurash masalalari birgina bizga taalluqli emas.
Xalqaro huquqning ayrim manbalarida korrupsiyaga berilgan taʼrifga koʻra,korrupsiya - pora olish (oʻziga ogʻdirish), davlat yoki xususiy sohada muayyan vakolatga ega boʻlgan shaxs, mansabdor shaxsning yoki xususiy sohada faoliyat yuritadigan shaxs yoki mustaqil agentning oʻz mansab vazifasidan yoki shunga oʻxshash munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarini buzadigan, shuningdek, oʻzi yoxud oʻzga shaxslar manfaati uchun har qanday shakldagi afzalliklarga ega boʻlish maqsadida ifodalangan xatti-harakatdir.
Qonunchilik tahliliga qaraydigan boʻlsak, korrupsiya bilan bogʻliq holatlarga qarshi kurashish faoliyatining huquqiy asoslari koʻproq Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida oʻz ifodasini topganini koʻramiz.
Buni quyidagilarda koʻrish mumkin:Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining “Korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar” ni nazarda tutuvchi moddalar:
1.Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish (167-modda);
2. Soxta tadbirkorlik (179-modda);
3. Soxta bankrotlik (180-modda);
4. Bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish (182-modda);
5. Soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash (184-modda);
6. Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (205-modda);
7. Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (206-modda);
8. Mansab soxtakorligi (209-modda);
9. Pora olish (210-modda);
10. Pora berish (211-modda);
11. Pora olish-berishda vositachilik qilish (212-modda);
12. Tovlamachilik yoʻli bilan haq - berishni talab qilish (214-modda)
13.Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda);
14. Kontrabanda (246-modda) va boshqa moddalar mavjud.
Mansabdor yoki mansabdor boʻlmagan shaxslar tomonidan yuqorida nazarda tutilgan xatti-harakatlar sodir etilishi oqibatida fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkaziladi.
Suhbatda yuqorida zikr etilgan moddalar boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirda mavzu doirasida savollarga javob qaytarildi.
Otabek Ashurov,
“Oʻzenergoinspeksiya”
Surxondaryo hududiy boʻlimi boshligʻi