Birinchi mavsumda 155 milliard so‘mlik loyihalar g‘olib bo‘ldi
Buxoro viloyatida aholining tashabbuskorligi va faol fuqarolik pozitsiyasi yana bir bor o‘z samarasini berdi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 2026-yilning birinchi mavsumi yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati qariyb 155 milliard so‘m bo‘lgan 100 ta muhim ijtimoiy loyiha amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Mazkur mavsumda viloyat aholisi tomonidan jami 1 571 ta tashabbus ilgari surildi. Ularning 1 352 tasi saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, ovoz berish jarayoniga qo‘yildi, 219 ta taklif esa belgilangan talablarga javob bermagani sababli rad etildi. Bu raqamlar fuqarolarning hududdagi muammolarga befarq emasligi, ularni hal etishda bevosita ishtirok etishga intilayotgani yaqqol namoyon etdi.
Ovoz berish jarayonida jami 599,2 mingta ovoz qayd etildi. Yakunlarga ko‘ra, 100 ta eng ko‘p ovoz to‘plagan loyiha g‘olib deb topilib, ularni amalga oshirish uchun 154,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi. G‘olib loyihalar jami 471,8 mingta ovoz to‘pladi. Shu bilan birga, sheriklik asosida amalga oshiriladigan yana 3 ta loyiha ham g‘oliblar safidan o‘rin oldi.
E’tiborlisi, viloyatdagi 448 ta mahallaning 87 tasida loyihalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu esa “Tashabbusli byudjet” tizimi orqali joylarda aholining qoniqish darajasi 79 foizga yetganini ko‘rsatadi. Demak, ushbu mexanizm nafaqat fuqarolarning fikrini inobatga olish, balki ularning ishonchini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘olib deb topilgan loyihalar asosan aholi hayotida dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oldi. Xususan, ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklarini ta’mirlashga oid 777 ta taklifdan 46 tasi g‘olib bo‘ldi. Umumta’lim maktablari bo‘yicha 145 ta tashabbusdan 17 tasi, boshqa ta’lim muassasalari bo‘yicha 32 ta taklifdan 10 tasi qo‘llab-quvvatlandi. Sog‘liqni saqlash muassasalariga oid 40 ta tashabbusdan 8 tasi amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, drenaj tizimlari va ariq-zovurlarni tartibga keltirish, bolalar maydonchalari barpo etish, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish, elektr ta’minotini mustahkamlash, sport inshootlarini qurish kabi qator muhim ijtimoiy loyihalar ham g‘oliblar qatoriga kirdi.
Umuman olganda, ushbu natijalar buxoroliklarning “Tashabbusli byudjet” jarayonida faol ishtirok etayotganini, o‘z hududlaridagi muammolarga befarq emasligini va ularni hal etishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri