Birgina qotillik Britaniyani larzaga soldi
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba Henri Novakning o‘ldirilishi ortidan ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Sautgempton shahrida yuzlab odamlar ko‘chaga chiqib, adolat talab qildi. Ayrim joylarda namoyishlarning tartibsizliklarga aylanishi natijasida politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi.
Namoyishchilar “Henri, Henri” deya hayqirib, turli buyumlarni politsiya tomon uloqtirgan. Huquq-tartibot xodimlari vaziyatni nazorat qilish uchun qo‘shimcha kuchlarni jalb etdi. Britaniya Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud zo‘ravonlikni qabul qilib bo‘lmas holat deb baholadi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Henri Novak o‘tgan yil dekabr oyida uyiga qaytayotgan vaqtida pichoqlangan. Sud 23 yoshli Vikrum Digvanini qotillikda aybdor deb topib, uni kamida 21 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Ayblanuvchi hodisadan keyin politsiyaga o‘zini irqiy hujum qurboni sifatida ko‘rsatishga uringan.
Ishning eng bahsli jihatlaridan biri politsiya harakatlari bo‘ldi. Voqea joyiga yetib kelgan xodimlar og‘ir ahvolda yotgan Novakni qo‘lga olgan. Tasvirga tushib qolgan videoda yigit bir necha bor pichoqlanganini va nafas olishi qiyinlashayotganini aytayotgani eshitiladi.
Bu holat jamoatchilik orasida keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun politsiya harakatlari bo‘yicha alohida tekshiruv boshlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z faoliyatini mustaqil nazorat idorasiga topshirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA