Birgalikda yangi hayot va yangi kelajak yaratamiz
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, bu yil jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz besh yilligi mamlakatimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida keng tantana qilinmoqda. Bayram tadbirlari olis qishloq va mahallalargacha ko‘chib, o‘tgan davr mobaynida davlatimizning xalqaro maydonda o‘z munosib o‘rnini topgani, xalqimizning erkin va farovon hayot kechirayotgani jonli misollarda ifoda etilmoqda.
Bayram arafasida viloyatda yuzlab yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 1,83 trillion so‘mlik 10 ta yirik ob’ekt davlatimiz rahbari ishtirokidagi marosimda tantanali ochildi.
Viloyatning asosiy bayram tantanasi Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida o‘tkazildi.
Bu yerda viloyat faollari, turli sohalar vakillari, nuroniylar va yoshlar jam bo‘ldi.
Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev tantana ishtirokchilari va ularning timsolida butun viloyat ahlini Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan tabrikladi.

– 35 yil – tarix uchun qisqa bir davr, ammo xalqimiz hayotida bu yillar ulkan o‘zgarishlar, izlanishlar va taraqqiyot davri bo‘ldi, – dedi A.Boboyev. – Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu islohotlarning natijasi shahar va qishloqlarimiz qiyofasida, odamlarning hayotida namoyon bo‘lmoqda. Viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, birgina joriy yilning dastlabki olti oyida yalpi hududiy mahsulot hajmi 67,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 109,7 foiz o‘sishga erishildi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida ham yuqori natijalar qayd etilmoqda. Yil boshidan buyon 420 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 7636 taga yetdi. Ushbu korxonalar tomonidan 32 trillion 655 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 407,8 million dollarlik eksport amalga oshirildi. 1 milliard 301,5 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 384 ta loyiha ishga tushirildi va 5017 ta yangi ish o‘rni yaratildi.


Iqtisodiyotdagi barqaror o‘sish ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, xalqimiz turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu yil viloyatda 139 ta maktab, 66 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta oliy ta’lim dargohi, 2 ta sport inshooti va yuzdan ziyod boshqa ijtimoiy ob’ektlar barpo etildi. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida sohaga 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, 22 ta yangi tibbiyot muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tuman va shaharlarda 12 mingdan ortiq oilaga mo‘ljallangan 200 ta turar joy binosi barpo etilmoqda. Shu paytgacha 3200 xonadonli 50 dan ortiq ko‘p qavatli uy o‘z egalariga topshirildi.
[gallery-31166]
Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasi yangidan bunyod etilib, zamonaviy ziyorat va turizm majmuasiga aylantirildi. Majmua atrofida 1200 o‘rinli 24 ta mehmonxona tashkil etildi. Ayni paytda bunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari Imom Moturidiy majmuasida amalga oshirilmoqda.

Bu kabi ishlar natijasida Samarqand Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanmoqda. Yil boshidan buyon viloyatga 70 dan ortiq turli darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi, 44 ta xalqaro tadbir tashkil etildi. Bugungi kunda Samarqand yana ko‘plab xalqaro forum va musobaqalar, nufuzli anjumanlarga tayyorlanmoqda. Yilning o‘tgan davrida viloyatga 4,3 million xorijlik, 5,4 million mahalliy sayyoh keldi.
Bayram tantanasida poytaxtdan kelgan va samarqandlik san’at ustalari hamda yosh ijrochilar ishtirokida tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari